Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suriyada to‘qnashuv, AQSHning savdo urushi va Panamaga intilayotgan Tramp
17:35 / 2025-03-08

Damashqdagi yangi hukumatga sodiq Suriya kuchlari mamlakat shimoli-g‘arbida Asad rejimi qoldig‘i bilan shiddatli jang olib bordi, deb yozdi BBC.

Davlat televideniyesi ma’lumotiga ko‘ra, Latakiya viloyatida, Rossiya nazoratidagi aviatsiya bazasiga yaqin joyda yuz bergan to‘qnashuvda kamida 13 askar halok bo‘lgan.

Voqea munosabati bilan ma’lum vaqt komendantlik soati e’lon qilindi.

AFP axborot agentligi Asadga sodiq 28 qurolli shaxs o‘ldirilgani, hukumat kuchlari aniq nishonga hujum qilish uchun vertolyotdan foydalanayotganini ma’lum qildi.

Suriya Mudofaa vazirligi matbuot kotibi, polkovnik Hasan Abdul G‘ani davlat matbuoti orqali sobiq boshqaruv tarafdorlarini ogohlantirdi.

– Minglab odam qurolini topshirib, oilasi bag‘riga qaytishni xohladi, ba’zilar esa qotil va jinoyatchilarni himoya qilish uchun hayotini xavf ostiga qo‘ymoqda, – degan u. – Tanlov aniq: qurolingizni qo‘ying yoki muqarrar taqdirga duch keling, — dedi u.

Yevropa Ittifoqi 27 davlatidan 26 tasi Kiyev xavfsizligini ta’minlashga kelishib oldi

Ukraina xavfsizligi uchun o‘tkazilgan sammitda Yevropa Ittifoqi tarkibidagi 27 davlatdan 26 tasi yetakchilari Ukraina uchun xavfsizlik kafolatini ta’minlash bo‘yicha ishni davom ettirishga kelishib olgan.

– Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar keng qamrovli, adolatli va mustahkam tinchlik bo‘yicha muzokara natijasida xalqaro huquq me’yoriga muvofiq, o‘z vakolati va imkoniyatidan kelib chiqqan holda xavfsizlik kafolatiga hissa qo‘shishni davom ettirishga tayyor, – deyilgan shu haqdagi bayonotda.

Shuningdek, ular «Ukrainaning Qurolli kuchlarini tayyorlash va jihozlashga hissa qo‘shish hamda harbiy tizimini yanada qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, ushbu davlatning Yevropa mudofaa sanoati bilan hamkorligini chuqurlashtirish bo‘yicha ishlarni faollashtirish»ga va’da bergan.

Shuningdek, ko‘hna qit’ada qurollanishning faol jarayonlari ketmoqda. Britaniya va Fransiya bunga jiddiy kirishgani seziladi va Amerikadan uzoqlashayotgan Yevropani boshqarishga intilishlarni ko‘rish mumkin.

O‘tgan asrning 60 yillarida «Fransiyaning strategik mustaqillik siyosati»ni boshlab bergan o‘sha paytdagi Prezident Sharl de Goll oxir-oqibat haq bo‘lib chiqmoqda:

– Albatta, amerikaliklar ruslardan ko‘ra bizga yaqinroq, ammo AQSHning ham o‘z manfaati bor va bir kun kelib ikki tomon xohishi bir-biriga to‘qnash keladi. BBC yozishicha, de Goll o‘ylab topgan «suveren yadroviy to‘xtatuvchi» tushunchasi hozir Yevropa xavfsizligi bo‘yicha munozara markazida bo‘lib turibdi.

Fransiya va Buyuk Britaniya Yevropa qit’asida yadro quroliga ega ikki davlat. Hozir fransuzlardagi mavjud 300 yadro kallagi samolyot yoki suv osti kemasidan otilishi mumkin.

Inglizlar esa 250 ga yaqin «xavfli qurol»ga egalik qilmoqda. Asosiy farq shundaki, farang zaxirasi suveren, ya’ni to‘liq Fransiya tomonidan ishlab chiqilgan, Britaniya esa AQSH texnik yordamiga tayanadi.

Yaqinda Prezident Emmanyuel Makron o‘z mamlakati yadroviy qudrati Yevropadagi boshqa davlatlar mudofaasi uchun qalqon bo‘lishi mumkinligi haqidagi g‘oyani ilgari surdi.

Aslida Fransiya yetakchilarining hammasi qit’adagi ayrim mamlakatlar allaqachon soyabon ostidaligiga ishora qilgan. Masalan, 1964 yil de Goll sobiq iitifoq Germaniyaga hujum qilsa, Fransiya albatta javob yo‘llashini aytgan.

O‘tgan oy GFRning navbatdagi Kansleri lavozimiga nomzod Fridrix Mers ayni mavzu bo‘yicha Parij va London bilan muhokama qilish vaqti kelganini aytib, hamkorlarni hayratda qoldirdi.

Taxminga ko‘ra, Fransiya yadro quroli ortilgan samolyotlarini Germaniya yoki Polshaga joylashtirishi mumkin. So‘nggi qarorni baribir prezident chiqaradi.

Keyingi hafta aynan Starmer, Makron va Zelenskiy AQSH rasmiylari bilan uchrashish, qimmatli yer minerallari bo‘yicha shartnoma imzolashi kutilmoqda. Muzokaraga kelasi hafta boshida Saudiya Arabistoni mezbonlik qilishi kutilyapti. Ukraina yetakchisi dushanba kuni valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon bilan Ar-Riyodda uchrashadi. Shundan so‘ng Amerika tomoni bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi.

– Ukraina tinchlikdan ko‘proq manfaatdor, – degan Zelenskiy.

Tramp va Zelenskiyning Oq uydagi tortishuvidan so‘ng AQSH Ukrainaga harbiy yordamni to‘xtatgan edi. Oq uy rasmiysi aytishicha, AQSH «yechimga hissa qo‘shayotganiga ishonch hosil qilish uchun» o‘z yordamini vaqtincha cheklagan. Tanaffus AQSH ko‘magi batamom to‘xtaganini anglatmaydi.

Amerikaning savdo urushi

Kanada hukumati Donald Tramp boshlab bergan savdo urushiga javoban 155 milliard dollarlik Amerika tovarlariga 25 foizli boj joriy etmoqchi. Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo shunday degan.

Avvaliga bojlar 30 milliard dollarlik tovarlarga, shundan uch hafta o‘tib esa qolgan 125 milliard dollarlik tovarga nisbatan qo‘llaniladi.

«AQSH yaqin ittifoqchisiga qarshi savdo urushini boshladi. Bu ham yetmaganday Putindek diktator bilan hamkorlik qilyapti», — degan Tryudo.

«Tryudoga tushuntiringlar, AQSHga javob bojlari joriy etilishi bizning qayta tariflarimiz yana shunchaga oshishini anglatadi», — degan Tramp bosh vazirning bayonotlaridan so‘ng.

AQSHda 4 martdan boshlab Kanada va Meksika tovarlariga nisbatan 25 foizli bojlarni joriy etish tartibi kuchga kirdi. Shuningdek, Xitoydan import qilinadigan mahsulotlarga 10 foizli boj joriy etildi. Tramp o‘zining mazkur qarorini «Meksika, Kanada va Xitoyni noqonuniy immigratsiya hamda zaharli fentanil va boshqa giyohvand moddalarning AQSHga kirib kelishini to‘xtatish borasidagi va’dasini bajarishga majburlash» deya izohlagan.

Bunga javoban Chin davlati Amerika qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, jumladan tovuq, bug‘doy, makkajo‘xori va paxta importiga 15 foiz import boji, soya, port, mol go‘shti, meva va sabzavotga 10 foiz yig‘im belgiladi. 10 martdan kuchga kiradigan ayni tartib Pekinning fevral oyida suyultirilgan gaz, qayta ishlanmagan neft, qishloq xo‘jaligi uskunalari va ayrim transport vositalariga birinchi javob tarifi to‘plamidan keyin joriy qilindi.

AQSH va Xitoy o‘rtasida kuchayib borayotgan savdo urushi Meksika va Kanadaga nisbatan qo‘yilgan tarif bilan birga global fond bozoridagi vaziyatni keskinlashtirib yubordi.

Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum AQSHga javob qaytarishga va’da berib, ko‘riladigan choralar yuzasidan yakshanba kuni batafsil bayonot berishini aytgan.

Trampning Kongressga murojaati

O‘tayotgan haftada AQSH Prezidenti Donald Tramp Oq uy egasi sifatida ikkinchi muddatida ilk bor Kongressning har ikki palatasida nutq so‘zladi. U Ukrainada tinchlik bo‘yicha ishlash, Panama kanali va Grenlandiya bo‘yicha rejalar haqida gapirib, Amerikani misli ko‘rilmagan farovonlik kutayotganini ta’kidladi.

Ukrainadagi bema’ni mojaroga barham berish, urushni to‘xtatish vaqti keldi, Amerika tomoni Moskvadan tinchlik o‘rnatishga tayyorligi haqida jiddiy belgi oldi, dedi Tramp. U Volodimir Zelenskiydan ham maktub olganini ma’lum qilgan.

– Ukraina uzoq muddatli tinchlikka erishish uchun imkon qadar tezroq muzokara davrasiga o‘tirishga tayyor, – dedi Oq uy rahbari.

Prezident Amerika tovarlariga oshirilgan boj undiruvchi mamlakatlarga nisbatan javob tarifi joriy qilmoqchi.

– Hindiston mashinalarimizga 100 foizdan ko‘p, Xitoy ikki barobar ko‘proq soliq soladi, Yevropa ham shunday qiladi, – dedi u. – Bu holat 2 aprelda o‘zgaradi. AQSHni bozoriga kiritmagan davlatga nisbatan 2 apreldan Vashingtonning javob tarifi kuchga kiradi.

– Yaqin kelajakda 24 yil davomida qilinmagan ish amalga oshiriladi, – deydi Tramp. – Ya’ni, federal byudjet muvozanatga keladi. Vashington «zo‘r, mehnatkash odamlar»ni jalb qilish orqali davlat qarzini kamaytirish niyatida. Shuningdek, AQSH boy xorijiy investorlarga besh million dollar evaziga Amerika fuqaroligini olish imkonini beruvchi «oltin karta» dasturini ishga tushirishga tayyorlanmoqda. Sanoatchilar Qo‘shma Shtatlarda ishlab chiqarishni mahalliylashtirishdan bosh tortganlik uchun majburiy to‘lovga duch keladi. Har qanday sohada mutaxassis ishga olinadi. Irq yoki jins emas, balki kasbiy mahorat muhim. Yangi siyosat milliy ishlab chiqarish va Amerika iqtisodiyotini himoya qilishga qaratilgan.

Bundan tashqari yetakchi Panama kanali va Grenlandiya oroli mavzusiga ham to‘xtaldi:

– Ma’muriyat Panama kanalini qaytarib oladi. Biz bu ishni amalga oshira boshladik. Bir yirik kompaniya kanal atrofidagi ikki port sotib olinishini e’lon qildi. Biz Grenlandiya xalqining o‘z kelajagini belgilash huquqini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Muayyan tanlovni biz mamnuniyat bilan qabul qilamiz. Maqsadimizga erishish uchun barcha tomonlar bilan ishlaymiz, chunki Grenlandiya nafaqat milliy, balki xalqaro xavfsizlik uchun ham muhim ahamiyatga ega.

– Bosh qo‘mondon sifatida men Kongressdan vatanimizni himoya qilish uchun ilg‘or raketadan mudofaa qalqoni moliyalashtirilishini so‘rayman, – davom etdi Tramp. – Yangi raketaga qarshi mudofaa tizimi milliy xavfsizlikni mustahkamlaydigan asosiy unsur bo‘ladi va mamlakatni tashqi tahdiddan himoya qiladi. Harbiy ustunlikni saqlab qolish uchun ilg‘or texnologiyaga sarmoya kiritishi kerak.

– Kongressga giyohvand moddalar va muhojirlar bilan bog‘liq tahdidlarni bartaraf etish, vatanimizni himoya qilish va mamlakat tarixidagi eng yirik deportatsiya amaliyotini yakunlash bo‘yicha batafsil moliyaviy so‘rov yubordik, – deydi AQSH prezidenti. Hatto, noqonuniy immigratsiya va giyohvand moddalar savdosiga qarshi hozirgi rekordchi, Prezident Duayt Eyzenxauerdan ham keskinroq kurashish Tramp ma’muriyati faoliyatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qoladi.

Oq uy rahbari o‘z vakolati muddati juda muvaffaqiyatli boshlandi, deb hisoblaydi. Uning aytishicha, hozirgi hukumat «43 kunda aksariyat ma’muriyatlar to‘rt-sakkiz yil ichida qilganidan ko‘ra ko‘proq ish bajargan».

AQSH koinotni tadqiq qilishda yetakchi bo‘ladi va kelajakda Amerika bayrog‘ini Marsga tikadi, dedi Tramp. Qo‘shma Shtatlar Alyaskada dunyodagi eng yirik gaz quvurlaridan birini yaratish ustida ishlamoqda.

­Prezident demokratlarni uning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashni istamaslikda aybladi.

– Eng dahshatli kasallikka davo topishim, butun xalqlarni qutqarishim, jinoyatchilikni to‘xtatishim mumkin, lekin ular baribir meni olqishlamaydi, – dedi yetakchi demokratlardan yozg‘irib.

Uning chiqishi boshidanoq zaldagilarning norozi baqirig‘i bilan bir necha bor to‘xtatilgan. Hatto, Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson ulardan birini zaldan chiqarib yuborishni buyurgan.

Bir yarim soatlik nutq so‘ngida Tramp Qo‘shma Shtatlar misli ko‘rilmagan farovonlik ostonasida turganini ta’kidlagan:

– Amerikaliklar aql bovar qilmaydigan kelajakka tayyorlanishi kerak, chunki AQSHning oltin davri endi boshlanmoqda.

G‘azoni «qutqarish»ning 53 milliard dollarlik rejasi tasdiqlandi

Misr poytaxti Qohirada bo‘lib o‘tgan favqulodda sammitda arab yetakchilari Trampning G‘azoni «nazoratga olish» va ikki milliondan ortiq falastinlikni ko‘chirish g‘oyasi bilan raqobatlashadigan 53 milliard dollarlik qayta qurish rejasini ma’qulladi, deb yozdi BBC.

Arab ligasi bosh kotibi Ahmad Abul Gayt «arablarning pozitsiyasi har qanday ko‘chirish, xoh ixtiyoriy, xoh majburiy bo‘lsin, rad etish»ligini ta’kidladi.

Misr hukumati arab dunyosini larzaga solgan «Yaqin Sharq Riverasi» nomli AQSH istagiga qarshi turish uchun shinam mahallalar, ulkan jamoat binolari chizmasi tasvirlangan 91 betlik batafsil loyihani ishlab chiqdi.

Ushbu yangi rejaning farqli jihati faqat mulkni rivojlantirish bilan bog‘liqligida emas, balki odilona siyosat yuritib, falastinliklar huquqini birinchi o‘ringa qo‘yishida ekani aytilmoqda.

Qo‘shma Shtatlar va Isroil ushbu tashabbusni rad etdi. Bu loyiha 2,1 million falastinliklarga o‘z vatanlarida qolish imkonini beradi, deb yozdi «IRNA»axborot agentligi.

Arab Ligasining favqulodda sammitida ma’qullangan mazkur reja Misrning tashabbusi bilan tayyorlandi.

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/FHM6Mbfz-RM?si=3Ru7QPsyRHTixa8w" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Sardorbek Poyonov, Abror Sodiqov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA.