Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suriyada dahshatli sharoitda yashayotgan tojik bolalari va ayollari vatanga qaytariladi
09:33 / 2019-10-07

Tojikiston rasmiylari, BMTning inson huquqlari bo‘yicha Kengashi ma’lumotiga ko‘ra, Suriyadagi qochqinlar lagerida dahshatli sharoitlarda istiqomat qilayotgan tojik bolalari va ayollarni vatanga qaytarishga tayyorlanmoqda.


Tojikiston rasmiylari, BMTning inson huquqlari bo‘yicha Kengashi ma’lumotiga ko‘ra, Suriyadagi qochqinlar lagerida dahshatli sharoitlarda istiqomat qilayotgan tojik bolalari va ayollarni vatanga qaytarishga tayyorlanmoqda.

Tojikiston tashqi ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, yaqinda tojik diplomatlari Suriyaning yuqori lavozimli amaldorlari bilan uchrashib, tojikistonliklarning shaxsini aniqlash va vatanga qaytarish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilishgan. 

Diplomatlar Suriyadagi qochqinlar lagerlarida qancha tojikistonlik borligini aniqlashtirmoqda. 

Hukumatning topshirig‘iga ko‘ra, Tojikistonning Kuvayt va Iroqdagi elchisi Zubaydullo Zubaydzoda Damashqda bo‘lib turibdi. 

Diplomat so‘ngi kunlarda Suriya hukumati va qurolli muxolifat vakillari bilan uchrashganini ma’lum qildi. 

Muzokaralarning asosiy mavzusi qochqinlar lagerlarida yashayotgan Tojikiston fuqarolarini vatanga qaytarishdan iborat bo‘ldi. Biroq Zubaydzoda vatandoshlarni Suriyadan qaytarish bilan bog‘liq reja tafsilotlarini ochiq aytmadi. U faqat rejani hayotga tatbiq etish yaqin oylarda boshlanishini aytdi, xolos.

Eslatib o‘tamiz, may oyi boshlarida Tojikiston TIVga BMTning qochqinlar lagerida bo‘lib turgan tojikistonlik 34 nafar ayol murojaat qilib, vatanga qaytishlari uchun yordam ko‘rsatishlarini so‘ragan edi. Bu ayollarning har birida bittadan beshtagacha bola bor. 

Internetda qarindoshlari orqali hukumatga murojaat qilgan ayollar so‘nggi ikki yilda “Islom davlati” (ID) guruhi egallab turgan hududlarni ozod qilgan kurdlarga asir tushgan.

Tojikiston rasmiylarining ma’lumotiga ko‘ra ayni damda Suriyadagi qochqinlar lagerlarida bir necha yil muqaddam ID saflariga kirib qolgan jangarilarning oila a’zolari bo‘lmish kamida 575 nafar xotin-qiz va bolalar bor. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, tojikistonliklarning ko‘pchiligi Xasakiya viloyatida joylashgan “Al-Xol” lagerida yashamoqda. 

“Ularning taxminan 90 nafari ayollardir, 200 dan ortiq qiz va 240 dan ko‘proq o‘g‘il bola bor. Bolalarning yoshi 1 dan 17 yoshgacha. Ulardan 134 nafari so‘nggi ikki yilda tug‘ilgan. Ko‘pchilik bolalarning ota-onasi yo‘q – g‘irt yetim. Bu yakuniy statistika emas, aslida Tojikiston fuqarolarining soni yanada ko‘proq bo‘lishi kerak”, deydi Tojikiston hukumatidagi manba. 

Uning aytishicha, tojik ayollari va bolalari lagerga ID jangarilarining boshqa oila a’zolari bo‘lmish qochqinlar qatorida Bagus mintaqasi ozod etilganidan so‘ng yil davomida olib kelingan.

Umumiy hisobda “Al-Xol” qochqinlar lagerida kamida 70 ming kishi, ulardan taxminan 10 ming xorijlik ushlab turilibdi. Bu haqda 11 sentabr kuni BMTning Suriyaga oid hisoboti mualliflari ma’lum qilgan edi.

Shu oyda otalari harbiy harakatlarda halok bo‘lgan yoki bedarak ketgan, onalari esa qamoqqa tashlangan 84 nafar tojik bolasini Iroqdan qaytargan Tojikiston rasmiylari qo‘shni Suriyada bo‘lgan Tojikiston fuqarolarini vatanga qaytarish masalasida ish olib borilayotganini ma’lum qilgan edi. 

Biroq, rasmiylarning ma’lum qilishicha, bu toifadagi fuqarolarning repatriatsiya (yurtga qaytarish) qilish talablari hozircha oydinlashtirilmagan. 

"Bir vaqtlar ID nazoratida bo‘lgan hududlardan fuqarolarni vatanga qaytarish borasidagi dasturni hayotga tatbiq qilish uchun ikki mamlakat o‘rtasida ma’lum bir hujjatlar imzolanishi kerak", deya ta’kidlaydi Tojikiston TIV.