Isroil –Falastin mojarosi oxiriga yetmay turib, Yaqin sharq hudida yana bir davlatning tinchligi buzildi.
Eron bosh diplomati Abbos Araqchiy Suriya Prezidenti Bashar Asad bilan uchrashish uchun Damashqqa bordi. Ushbu tashrif isyonchilar Xalab va Idlibdagi hududlar ustidan nazoratni qo‘lga olgan paytga to‘g‘ri keldi.
Suriya armiyasi yakshanba kuni bu ikki shahardagi qo‘zg‘olonchilarni ortga qaytarish uchun bir necha qarshi hujum uyushtirdi. Davlat televideniyesi hukumat qo‘shini tomonidan so‘nggi uch kunda 1000 ga yaqin isyonchi o‘ldirilganini e’lon qildi. Binobarin, bu ma’lumotga hech qanday dalil, tafsilot keltirilmagan.
“Oq dubulg‘alilar” nomi bilan tanilgan mamlakat fuqarolik mudofaasi guruhi Asad armiyasi qo‘shma qarshi amaliyotni Rossiya ko‘magida boshlaganini aytdi.
Ma’lumotga ko‘ra, qiruvchi samolyotlar zarbasi natijasida 18 kishi halok bo‘lgan, o‘nlab odam yaralangan. 13 yillik urushda Asadni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan RF bu gal ham Suriyaga “24 soat ichida raketa zarbalari orqali terrorchilar tajovuzini qaytarish”da yordam berdi. Jami 320 jangari, 63 zirhli mashina yo‘q qilingani aytilyapti.
Eron ham uzoq davom etgan fuqarolar urushida Asadning asosiy siyosiy va harbiy ittifoqchisi hisoblanadi. Islom Respublikasi TIV rahbarining poytaxtga tashrifi Tehron mazkur arab davlati hukumatini bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlashiga yana bir dalil ekani kundek ravshan.
O‘tgan hafta Hayot Tahrir ash-Shom (HTSH) boshchiligidagi isyonchi guruhlar koalitsiyasi Suriyaning eng yirik shahri – Aleppoga kutilmagan hujum uyushtirdi. Mamlakat Qurolli kuchlari vaqtincha chekinishga majbur bo‘ldi, chunki javob zarbasini berish uchun qo‘shimcha kuchga ehtiyoj bor edi. Natijada HTSH Xalabning katta qismini egallab oldi va hozir Xama shahriga ham kirganini da’vo qilmoqda.
Isyonchilar qo‘mondoni polkovnik Hasan Abdulg‘oniy ta’kidlashicha, to‘da shaharning shimoli-sharqidagi Shayx Najjor, Harbiy akademiya, janubi-g‘arbidagi dala artilleriya kollejini ham nazoratga olgan.
Tezkor va kutilmagan hujum Prezident Bashar Asad uchun yoqimsiz, albatta. Ayni payt davlat armiyasi haqida har xil fikr urchimoqda. Eng qizig‘i, Suriyada zo‘ravonlik Asad ittifoqchilari – Eron va turli guruhlar hamda Rossiya o‘z mojarolari bilan ovora bo‘lgan, Yaqin Sharqda shunday ham siyosiy nuqtai nazardan o‘ta notinch vaziyat hukm surayotgan murakkab bir paytga to‘g‘ri keldi.
Vaholanki, Isroil G‘azodagi XAMAS va Livandagi Hizbulloh guruhlariga qarshi faol kurashmoqda. Shu kunlardagi voqealar mintaqaviy tarqoqlikni yanada kuchaytirib, ikki mintaqaviy kuchni ham mojaroga jalb qilishi mumkin. Turkiya ham o‘z manfaatini himoya qilish uchun Suriyaga yordam berishi ehtimoli kuchli.
Musulmon Ziyo, O‘zA