Suriya armiyasining Amaliyotlar qarorgohi “Suriya demokratik kuchlari” (SDF) va ag‘darilgan rejim qoldig‘i bilan bog‘liq ba’zi qurolli guruhlar sulh kelishuvini buzishga urinayotgani haqida xabar tarqatdi. Ta’kidlanishicha, Al-Hasaka viloyati chekkasida joylashgan hukumat tomonidagi kuchlarga qarata uyushtirilgan hujumda uch askar halok bo‘lgan, bir necha kishi yaralangan.
O‘z navbatida, SDF matbuot xizmati hukumatga qarashli guruhlar Raqqa viloyatida ittifoq kuchlariga hamla qilganini bildirdi. Shuningdek, ISHID jangarilari saqlanayotgan qamoqxona yaqinida ham to‘qnashuv yuz bergani aytilgan.
- Bunday harakatlar xavfsizlikka jiddiy tahdid sifatida beqarorlikka olib keladi, hududga tartibsizlik va terrorizm qaytishiga yo‘l ochadi, - deya ta’kidlangan bayonotda.
Kurdlarning “Rudaw” telekanali SDF vakili Fahrod Shomiyga tayanib, mamlakat shimoli-sharqidagi qamoqxonadan taxminan 1500 ga yaqin ISHID jangarisi ozod qilingani to‘g‘risida xabar tarqatdi.
Yakshanba kuni kurdlarning Suriya demokratik kuchlari qo‘mondonligi va amaldagi hukumat SDF askarlarini hukumat kuchlariga qo‘shish va shimoli-sharqiy Dayr-Az-Zor va Raqqa viloyatlari muxtor kurd ma’muriyati vakillarini hukumat xizmatiga jalb qilishni nazarda tutgan yarash kelishuviga erishilgan edi. Afsuski, ko‘rinib turganidek, sulhga amal qilish oson kechmayapti.
S.Rahimov, O‘zA