Suriyada kuchlar muvozanati keskin o‘zgardi. Damashq hukumati va asosiy kurd qurolli tuzilmasi, Suriya demokratik kuchlari (SDF) keng qamrovli kelishuvga erishib, shimoli-sharqdagi yarim mustaqil boshqaruvga nuqta qo‘ydi. Bir necha kunlik qonli to‘qnashuvdan so‘ng kurd kuchlari markaziy hukumatga bo‘ysunishga rozi bo‘ldi.
O‘n yildan ziyod vaqt davomida amalda muxtoriyat bo‘lib kelgan hududdagi barcha harbiy va fuqaroviy tuzilmalar Damashq nazoratiga o‘tadi, neft konlari, chegara manzillari va qamoqxonalar hukumatga topshiriladi. Kurdlar uchun bu siyosiy va harbiy jihatdan jiddiy zarbadir.
Eng muhim shartlardan biri — SDF kuchlari butun birlik sifatida emas, balki alohida shaxslar ko‘rinishida armiya va ichki ishlar tizimiga singdiriladi. Bu Damashqning qat’iy talabi edi. Hukumat Raqqa va Dayr Az-Zorni ham tezda rasman egallashga tayyorlanmoqda.
Bitimda ayrim yon beriladigan bandlar ham bor. Kurd tomoni markaziy hokimiyatda ayrim lavozimlarga nomzod ko‘rsatishi mumkin, Hasaka viloyati kelishuv asosida boshqariladi. PKK bilan aloqador barcha xorijlik jangarilar hududdan chiqariladi.
AQSH murakkab tanlov qarshisida qoldi: bir tomonda — Islomiy davlatga qarshi asosiy ittifoqchi bo‘lgan kurdlar, ikkinchi tomonda Suriyani yagona markaz ostida birlashtirishga urinayotgan hukumat. Vashington muvozanat izlayotgan bir paytda Damashq haqiqiy kuch orqali o‘z shartini o‘tkazdi.
Umuman, mazkur sulh Suriyada urush tugab, yangi siyosiy bosqich boshlanganidan darak berayotgandek.
Musulmon Ziyo, O‘zA