Suriya Savdo palatalari federatsiyasi prezidenti A’la Umar al-Ali boshchiligidagi nufuzli delegatsiya rasmiy tashrif bilan Buxoro shahriga keldi. Delegatsiya tarkibidan Suriya iqtisodiyot va sanoat vazirining o‘rinbosari, Damashq, Homs, Daraa, Tartus, Latakiya, Hama, Dayr-az-Zor va Idlib shaharlarining Savdo-sanoat palatalari rahbarlari, sohaviy uyushmalar vakillari, yirik tadbirkorlar hamda biznes tuzilmalari rahbarlari o‘rin olgan.
Tashrif doirasida mehmonlar dastlab Buxoro viloyatidagi yirik sanoat loyihalaridan biri hisoblangan “Merganteks” paxta-to‘qimachilik klasteri faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Delegatsiya a’zolari korxonada yaratilgan ishlab chiqarish muhiti, soliq va bojxona imtiyozlari, zamonaviy infratuzilma imkoniyatlari, logistika tizimi hamda mahalliy korxonalarning eksport salohiyatini atroflicha o‘rgandilar. Shuningdek, klasterning xalqaro bozorlarga chiqish strategiyasi va investitsiyaviy jozibadorligi haqida ham batafsil ma’lumot berildi.
Tashrifning navbatdagi manzili Buxoro “Agroklaster DZZ” MCHJ bo‘ldi. Mazkur korxona 6 million AQSH dollari investitsiyasi asosida Buxoro shahrida avval faoliyat yuritmagan 2,6 gektar hududda barpo etilgan zamonaviy ishlab chiqarish majmuasidir. Korxona kuniga 60 tonna sutni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lib, “Lattico” brendi ostida yuqori sifatli sut va sut mahsulotlari ishlab chiqarmoqda. Bugungi kunda korxonada 2 000 nafardan ortiq ishchi-xodim doimiy ish o‘rni bilan ta’minlangan.
Mehmonlar ishlab chiqarish jarayonlari, texnologik liniyalar, sifat nazorati tizimi hamda mahsulotlarni qadoqlash va saqlash infratuzilmasi bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, ekin maydonlarida tuproq tarkibini o‘rganish, yer unumdorligini oshirish va agrar samaradorlikni ta’minlash maqsadida tashkil etilgan zamonaviy tuproq tahlil laboratoriyasi faoliyati ham delegatsiya e’tiboriga havola etildi.
Laboratoriya mutaxassislari mehmonlarga uning ishlash mexanizmi, ilmiy tahlil usullari, agrotexnologik afzalliklari hamda hosildorlikni oshirishdagi amaliy ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berdilar. Shuningdek, “Buxoro Agroklaster”ning kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan yangi investitsiya loyihalari va ishlab chiqarishni kengaytirish dasturlari taqdim etildi.
Suriyalik tadbirkorlar korxonalar faoliyati bilan tanishish jarayonida ikki tomonlama hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganib, qo‘shma loyihalar, investitsiya kelishuvlari va savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish masalalari yuzasidan dastlabki muzokaralar olib bormoqda.
Tashrif doirasida Buxoro shahrida ilk bor O‘zbekiston – Suriya biznes-forumi hamda B2B uchrashuvlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ushbu tadbirlarda sanoat, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, to‘qimachilik, logistika, qurilish, elektrotexnika va turizm sohalarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar ishtirok etadi. Forum doirasida yangi investitsiya loyihalari, qo‘shma korxonalar tashkil etish, eksport-import shartnomalari hamda uzoq muddatli hamkorlik bitimlari muhokama qilinishi ko‘zda tutilgan.
Tashrif dasturiga muvofiq, mehmonlar ko‘hna va boqiy Buxoroning noyob tarixiy-madaniy merosi, qadimiy me’moriy obidalari, muqaddas ziyoratgohlari va turizm maskanlarini ham ziyorat qilib, shaharning boy tarixiy salohiyati bilan tanishadilar.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari