Suriya moliyaviy tizimiga qo‘yilgan xalqaro cheklov yumshatila boshlagan bir payt, fond birjasi qayta ochilishi mamlakat 14 yillik fuqarolar urushidan keyin tiklanishiga yordam beradi, deb yozdi "Euronews".
Damashq Qimmatli qog‘ozlar bozorida olti oylik tanaffusdan so‘ng yana savdo boshlandi. Bu yangilik vayron bo‘lgan iqtisodiyotni mustahkamlash imkonini beradi.
Shu munosabat bilan uyushtirilgan marosimda qatnashgan moliya vaziri Muhammad Yisr Barniye aytishicha, fond birjasi xususiy kompaniya sifatida ishlaydi, raqamli texnologiyaga katta e’tibor qaratgan holda iqtisodiy taraqqiyot uchun haqiqiy markazga aylanadi.
Hozir biznes amaliyotini osonlashtirish, istiqbolli sarmoyaviy imkoniyat uchun eshiklarni ochish rejalashtirilmoqda.
Oldinroq Qo‘shma Shtatlar va Yevropa Ittifoqi Bashar Asad sulolasi hukmronligi davrida Damashqqa nisbatan joriy etilgan keng qamrovli sanksiya olib tashlanganini e’lon qilgandi.
Darvoqe, o‘tgan hafta Suriya Qatar, Turkiya va AQSH kompaniyalari bilan mamlakatning urushdan zarar ko‘rgan elektr tarmog‘i katta qismini qayta tiklash uchun 5000 megavatt quvvatga ega energiya loyihasi ishlab chiqish uchun 7 milliard dollarlik shartnoma imzoladi.
Musulmon Ziyo, O‘zA