Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Surishtiruv jurnalistikasi bo‘yicha seminar
19:35 / 2025-08-26

Toshkent viloyatida ikki kun davomida mamlakatning turli hududlaridan kelgan 30 dan ortiq jurnalist, bloger va muharrirlar ishtirokida surishtiruv jurnalistikasi bo‘yicha intensiv seminar tashkil etildi. Ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi va Yevropa Ittifoqining qo‘llovi bilan o‘tkazildi.

Seminar dasturiga surishtiruvni rejalashtirish, manbalarni tekshirish, insayderlar hamda ochiq ma’lumotlardan samarali foydalanish bo‘yicha mahorat darslari kiritildi. Ishtirokchilar raqamli xavfsizlik ko‘nikmalarini amalda qo‘llash bilan birga, jurnalistikada sun’iy intellektdan foydalanish imkoniyatlari va xavf-xatarlarni ham muhokama qilishdi. Shuningdek, korrupsiya masalalarini yoritishda gender yondashuvlarning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.

Seminar yakunlariga ko‘ra, ishtirokchilar kichik guruhlarga bo‘linib, o‘zlarining surishtiruv loyihalarini ishlab chiqdi va taqdim etdi.

Bu seminar Yevropa Ittifoqi ko‘magida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda BMT Taraqqiyot dasturi tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, u mamlakat bo‘ylab jurnalistlar va blogerlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomaning natijalariga asoslandi. So‘rovnomaning maqsadi ommaviy axborot vositalari mutaxassislari haqiqiy ehtiyojlarini aniqlash va ularga samarali surishtiruvlar o‘tkazish uchun zarur bilim hamda ko‘nikmalarni belgilash edi.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston jurnalistlari uchun huquqiy savodxonlik (77%), manbalarni tekshirish (71%) va materiallarni xolis yoritish (64%) ustuvor ahamiyatga ega ekanligi aniqlandi. Biroq ko‘pchilik so‘rovnoma ishtirokchilari tahririyatlarning surishtiruv ishlari yetarlicha qo‘llab-quvvatlanmayotganini qayd etishdi.

Aniqlangan muammolarni bartaraf etish maqsadida ishtirokchilar sohaning huquqiy jihatlarini tahlil qildi, raqamli xavfsizlik masalalarini muhokama qildi va surishtiruvlarni tahririyat tomonidan ko‘proq qo‘llab-quvvatlash yo‘llarini izladi. Shuningdek, jurnalistlar surishtiruvlarni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, materiallar bo‘yicha nashrdan oldin huquqiy maslahat olish, ma’lumotlar va muloqotlarning raqamli xavfsizligini ta’minlash, korrupsiyaga aloqador mansabdor shaxslar tomonidan bosim va tahdidlardan himoya qilish, shuningdek, xotin-qiz jurnalistlarni shantaj va ta’qiblardan himoya qilish bo‘yicha maxsus choralar ishlab chiqish zarurligini ta’kidladilar.

Ishtirokchilarga qonunlarni puxta o‘rganish, huquqshunoslar bilan maslahatlashish, himoyalangan aloqa kanallaridan foydalanish hamda manbalarning maxfiyligini saqlash bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

Ushbu tadbir Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan amalga oshirilayotgan, Yevropa Ittifoqi mablag‘lari bilan moliyalashtirilayotgan “O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimni mustahkamlash” qo‘shma loyihasi doirasida tashkil etildi.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri