Bir eksponat tarixi
Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q. Shunday ekan, tariximizni, bosib o‘tgan yo‘limizni, o‘tmishni o‘rganish, Vatanimiz ozodligi va istiqloli uchun kurashlarda jon fido etgan ota-bobolarimizni xotirlash bugungi avlod vakillarining burchi va vazifasidir.
Yaqin tariximizdan ma’lumki, o‘tgan asrning suronli yillari — mustabid tuzum davrida qatag‘on va “quloqlashtirish” siyosati, surgun amaliyoti avj oldi. Millatni hurriyatga, ma’rifatga chorlagan, xalqimiz erki va ozodligi, milliy taraqqiyoti yo‘lida kurashgan minglab yurt fidoyilari qatag‘onga uchradi, qamaldi yoxud borsa-kelmas, sovuq o‘lkalarga surgun qilindi.
Qatag‘on siyosati natijasida yuzaga kelgan tarixiy adolatsizlik yuz minglab begunoh insonlarning umrini xazon qildi. Qatag‘onga uchragan vatandoshlarimizning qanchasi “xalq dushmani” degan tuhmat bilan shafqatsiz otib tashlangan bo‘lsa, yana bir qanchasi surgun qilinib, azob-uqubatlarga duchor etilgan. Oilalari parokanda bo‘lib, mol-mulklari tortib olingan. Oqibatda qanchadan-qancha oilalar xonavayron bo‘ldi, minglab ayollar beva, go‘daklar esa yetim qoldi.
Bu jarayondan nafaqat millat ziyolilari, balki oddiy odamlar, dehqon va savdogarlar, diniy ulamolar ham chetda qolmadi. O‘tgan asrning 20-yillar oxiri — 30-yillar boshida agrar sohada amalga oshirilgan yer-suv islohoti, kollektivlashtirish siyosati oqibatida minglab xo‘jaliklarning yer-suvini davlat ixtiyoriga tortib olish uchun “quloqlashtirish” siyosati amalga oshirildi. Natijada yirik yer-mulk egalaridan tashqari, hunarmandlar, savdogarlar, ijaraga mulk va vosita berganlar, yollanma mehnatdan foydalangan tadbirkorlar, o‘rtahol dehqonlar, din ulamolari uy-joyi va mol-mulkidan mahrum etilib, oilasi bilan surgun qilingan.
Xususan, O‘zbekistondan Shimoliy Kavkaz, Ukraina, Qozog‘iston, Sibir o‘lkalariga birgina 1931 yil avgustdan 1932 yil maygacha 9 ming 651 xo‘jalikdan jami 61 ming 872 kishi “quloq” sifatida surgun qilingan. Surgun qilinganlar nafaqat uy-joy va mol-mulkidan, balki fuqaroligidan, erkin harakat qilish huquqidan ham mahrum etilgan. Ular sovuq o‘lkalarda og‘ir ishlarga jalb etilib, o‘ta qiyin sharoitlarda azob chekishgan.
Poytaxtimizdagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyida surgun qilingan insonlarning surgundagi hayoti, yashash sharoitlari va ayanchli taqdirini o‘zida namoyon etadigan ekspozitsiyalar o‘rin olgan.
— 1930-36-yillarda kollektivlashtirish siyosati asosida faqatgina boy odamlar emas, balki o‘rtahol, oddiy odamlarning ham bor mol-mulki, uy-joylari, chorvasi tortib olinib, o‘zlari Sibir, Ukraina, Shimoliy Kavkaz hududlariga oilasi bilan surgun qilingan, — deydi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi bo‘lim boshlig‘i Aziza Ahrorova. — Ular odam oyog‘i yetmaydigan, sovuq, dasht va o‘rmon hududlarga olib borilib, og‘ir ishlarga jalb etilgan. Surgun qilinganlar u yerda o‘zlari yarim yerto‘la ko‘rinishidagi chaylalar qurib, shu chaylalarda istiqomat qilishgan. Yerni qazib, zina bilan pastga tushishgan. Yerning ustida tom qismi bo‘lib, tuproqdan qilingan. Ushbu ekspozitsimizda ana shu chayla hamda surgundagi odamlar ishlatgan uy-ro‘zg‘or buyumlari, o‘choq va qozonlari namoyish etilgan.
Surgun qilingan odamlar u yerda o‘zlashmagan yerlarni o‘zlashtirish, paxtachilik, daraxt kesish ishlariga jalb qilingan, shaxta va konlarda ishlatilgan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/IeplNoqV0vY" title="Surgun: ayanchli taqdirlar yoxud sovuq o‘lkalarda jon saqlagan millatdoshlarimiz hayoti" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>
Muzeyimizda namoyish etilgan poyezd vagoni maketi “quloq” qilinganlarni surgunga olib ketgan vagonning ko‘rinishi. Bu vagon odam tashishga mo‘ljallanmagan, balki yuk va hayvonlarni tashiydigan vagon bo‘lgan. Minglab ota-bobolarimiz ana shunday vagonlarda oilasi bilan surgunga jo‘natilgan. Vagonlarda sharoit yo‘qligi, ochlik, qattiq sovuq oqibatida ko‘plab odamlar yarim yo‘lda halok bo‘lgan. Eng achinarlisi, ularni ko‘mishga ruxsat berilmagan. Chunki bunday poyezdlar umuman to‘xtamagan, o‘lganlar esa duch kelgan joyda vagon eshigidan uloqtirib ketilavergan.
Ko‘pincha, ba’zi yurtdoshlarimiz o‘zlarining izsiz qolib ketgan ota-bobolari qayerda qolib ketganini aniqlashtirish uchun ariza bilan murojaat qiladi. Bizning ilmiy xodimlarimiz ularni hujjatlar asosida o‘rganishga va topishga harakat qiladilar, — deydi Aziza Ahrorova.
Vatan ozodligi yo‘lida fidokorona kurash olib borib, bu yo‘lda hatto o‘z jonini ham fido etgan qatag‘on qurbonlari, surgunga hukm qilinib, og‘ir sharoitlarda turli qiynoqlarda yashagan vatandoshlarimiz chin ma’noda matonat va iroda timsolidir. Ularning pok ruhi va nomlari xalqimiz qalbida abadiy yashaydi.
Muhtarama Komilova, Yoqubjon Meliboyev (video), O‘zA