Anqaradagi Hoji Bayram Vali universiteti Adabiyot fakultetining San’at tarixi bo‘limi aspiranti Surayyo Xo‘jayeva O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlarga munosabat bildirdi.
– Xorijda istiqomat qilayotganim sababli har kuni ijtimoiy tarmoq orqali mamlakatimizda kechayotgan konstitutsiyaviy islohot jarayonini diqqat bilan kuzatib boryapman.
Yangi O‘zbekistonning yangi g‘oyalari xalqimiz, jumladan, yoshlar uchun yangi imkoniyat eshigini ochishiga ishonaman. Izchil davom etayotgan ijobiy o‘zgarishlar chetdan qaraganda yanada yorqinroq ko‘rinadi.
Nufuzli xorijiy oliy o‘quv yurtlarida tahsil olish uchun yaratilayotgan imkoniyat natijasi o‘laroq, yoshlarimizning intellektual salohiyati tobora ortmoqda. Yigit-qizlarimiz ko‘proq xorijga chiqishi uchun Konstitutsiyaga inson kapitalini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha me’yor kiritilishni olqishlayman. Davlatimiz rahbari aytganidek, O‘zbekiston yoshlar mamlakati bo‘lishi shart.
Nafaqat chet eldagi universitetlar, balki mamlakatimizdagi oliy o‘quv yurtlarga kirish uchun qo‘shimcha o‘rinlar ajratilib, yosh talabalar uchun imkoniyat kengayib borayotgani quvonarli. Shu bilan birga O‘zbekistonda xorijiy oliy ta’lim muassasalari filiallari ochilayotgani ham ayni muddao.
Fikrimcha, davlat boshqaruvida ham chet el tajribasi va bilimini egallagan yoshlarga imkon berish kerak.
Yangi O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohot jarayonida aholi tomonidan berilayotgan fikr-mulohaza va takliflar men kabi xorijda ta’lim olayotgan yoki ishlayotganlarni juda qiziqtiradi. Biz ham O‘zbekiston dunyoning rivojlangan davlatlari safiga qo‘shilishini astoydil xohlaymiz va bu yo‘lda bor imkoniyatimizni safarbar qilamiz.
O‘zA