Oliy Majlis Senatining qirq oltinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani)ni saylash to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Senat tomonidan Rahmonova Surayyo Mahmudovnani O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) lavozimiga saylash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Eslatib o‘tamiz, S.Rahmonova uzoq yillar mobaynida yuridik oliy ta’lim tashkilotlarida, shuningdek, sud va prokuratura organlari tizimida samarali faoliyat ko‘rsatib kelgan. 1-darajali adliya maslahatchisi, yuridik fanlar doktori, professor.
Mazkur masala yuzasidan fikr bildirgan Senat Raisi Tanzila Norboyeva bolalar manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha mamlakatimizda izchil ishlar amalga oshirilganini ta’kidladi. Bu masalada ilgari xalqaro tashkilotlar tomonidan ko‘plab e’tirozlar bo‘lgan. Bularni bartaraf etish bo‘yicha ko‘plab amaliy ishlar qilindi. Keyingi paytda esa xalqaro tashkilotlardan e’tirozlar emas, faqat tavsiyalar kelmoqda.
– Farzandlarimiz kamoli uchun ayni paytda ta’lim sifatini oshirish, tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash, ota-onasiz qolgan bolalarni muhofazalash bo‘yicha tizimli ishlar davom ettirilmoqda, – dedi T.Norboyeva. – Bu yo‘nalishda dunyo standartlariga muvofiq faoliyat olib borish, Bola huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar ombudsmani)ni alohida tuzilma sifatida shakllantirishga harakat qilinmoqda. Zero, ijtimoiy hayotda bolalarni himoya qilish, ayniqsa, ularni zo‘ravonlikdan muhofaza qilish dolzarb masala. Chunki istaymizmi-yo‘qmi, bolalar zo‘ravonlikka uchrashi bilan bog‘liq holatlar yo‘q emas. Yangi saylangan Bolalar ombudsmani bu borada davlat va jamoat tashkilotlari, senatorlar bilan hamkorlikda bu yo‘nalishda keng miqyosli ishlarni amalga oshirishiga ishonch bildiramiz. Bunga uning salohiyati va tajribasi yetadi.
N.Abduraimova,
O‘zA