Toshkent fotosuratlar uyida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi huzuridagi ijodiy ustaxonalarda 2024-25 yillarda stajirovka olib borayotgan 10 nafar iste’dodli rassomning “Yoshlar nafasi” nomli hisobot ko‘rgazmasining ochilishi bo‘lib o‘tdi.
Xususan, Zuhriddin Qiyomov, Jahongir Abdullayev, Javohir Niyazov, Mirvohid Mirsaidov, Umidjon Alimov, Izzatjon Yo‘ldoshev, Bobur Vahobjonov, Timur Lachyonov, Baxtiyor Dedashev, Shohrux Qosimov kabi ijodkorlarning 50 dan ortiq ijodiy asarlari namoyish etildi.

Ma’lumki, bugungi kunda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi mamlakatimizda iqtidorli yosh rassomlarni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish maqsadida ijodiy stajirovka dasturlarini amalga oshirmoqda. Jumladan, akademiya qoshidagi 10 ta katta ijodiy ustaxonada magistratura bosqichini tamomlagan va tanlov asosida saralab olingan eng iqtidorli yosh ijodkorlar tahsil olmoqda.

Tadbirda qayd etilganidek, 2024 yilda boshlangan bu stajirovka dasturi ikki yil davom etadi. Dastur doirasida ishtirokchilarga O‘zbekiston san’atida alohida o‘rin tutadigan yirik ijodkorlar, xususan, akademik va xalq rassomlari Sobir Rahmetov, Akmal Nur, Javlon Umarbekov, Fayzulla Ahmadaliyev saboq bermoqda.

Har bir ishtirokchining o‘ziga xos uslubi va dunyoqarashi bo‘lib, bu zamonaviy o‘zbek san’atining rango-rangligini namoyon etadi.

Har yarim yilda tashkil etiladigan hisobot ko‘rgazmalari orqali stajyorlar o‘z ishlarini keng jamoatchilik va mutaxassislarga taqdim etish imkoniga ega bo‘ladilar. Bu ko‘rgazmalar nafaqat erishilgan yutuqlarni namoyon etish, balki keyingi ijodiy harakatlarga kuchli turtki hamdir.
Ko‘rgazma 10 iyulgacha davom etadi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA