Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Superliganing yangi mavsumiga jamoalar jiddiy tayyorlandi
11:21 / 2026-02-23

Joriy yilgi O‘zbekiston Superligasi 27-fevral kunidan start oladi va 4-may kuniga qadar dastlabki davra bellashuvlari o‘tkaziladi. Unda jamoalar 11 tur davomida o‘zaro raqobatlashadi.

Jumladan, 27-fevral kuni «Buxoro» – «Qo‘qon-1912», «Andijon» – «So‘g‘diyona» va «Paxtakor» – «Qizilqum», 28-fevralda «Neftchi» – «Mash’al», «Lokomotiv» – «Surxon» hamda «Dinamo» – «Navbahor», 1-mart sanasida esa OKMK – «Bunyodkor», «Nasaf» – «Xorazm» jamoalari o‘rtasida uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston Superligasi klublari yangi mavsum oldidan tayyorgarlik jarayonlarini asosan Turkiyada olib bordi.  

Aniqroq aytadigan bo‘lsak, Superliganing amaldagi chempioni Farg‘onaning «Neftchi» klubi Turkiyada ikki bosqichli yig‘in o‘tkazdi. 3-yanvardan 17-fevralga qadar davom etgan tayyorgarlik jarayonida jamoa 10 ta o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi. Murabbiylar shtabi yangi mavsum oldidan tarkibni sinovdan o‘tkazib, taktik va jismoniy holatlarni ko‘zdan kechirdi.

«Neftchi» chempionatni 28-fevral kuni Farg‘ona shahridagi «Istiqlol» stadionida «Mash’al» klubiga qarshi bahs bilan boshlaydi.

Toshkentning «Paxtakor» jamoasi Antaliya shahrida yig‘in tashkil etdi. Klub Antaliyada qariyb bir oy mobaynida ikki bosqichli tayyorgarlik o‘tkazib, jami 32 nafar futbolchini mashg‘ulotlarga jalb etdi. 4-17-fevral kunlari o‘tgan ikkinchi yig‘inda "Paxtakor" tarkibni shakllantirish maqsadida 6 ta nazorat o‘yinini tashkil etdi.  

Hozirda «sherlar» Qibrayda Superliganing 1-tur doirasida «Qizilqum» jamoasiga qarshi o‘tadigan bahsga hozirlik ko‘rayotir.  

Termiz shahri sharafini himoya qilayotgan «Surxon» hamda Toshkentning «Lokomotiv» jamoalari ham Antaliyada o‘tkazilgan qariyb bir oylik yig‘in davomida 9 tadan o‘rtoqlik uchrashuvida qatnashdi. Jamoalar jismoniy tayyorgarlik va yosh futbolchilarni asosiy tarkibga integratsiya qilishga alohida urg‘u berdi.

Shuningdek, «Xorazm»,«Qo‘qon-1912» va «Qizilqum» klublari ham bir necha bosqichli xalqaro yig‘inlarda turli mamlakat jamoalari bilan nazorat o‘yinlarini tashkil etdi va yangi mavsum oldidan o‘yin amaliyotiga ega bo‘ldi.

Mazkur tayyorgarliklar Superliganing yangi mavsumida jamoalar uchun yuqori saviyada o‘yin ko‘rsatish va bahslar murosasiz o‘tishida muhim omil bo‘lishi shubhasiz.  

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA