Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining so‘nggi — 30-tur uchrashuvlari ertaga start oladi va 30 noyabrga qadar davom etadi.
Ma’lumki, 29-tur yakunlariga ko‘ra, “Neftchi” klubi 64 ochko jamg‘arib, muddatidan avval mamlakat chempioni bo‘ldi. Musobaqaning kumush va bronza medallari uchun kurash davom etmoqda.

Hozirgi holatda, hisobida 59 ochkosi bo‘lgan “Paxtakor” turnir jadvalining ikkinchi pog‘onasini egallab turibdi. “Nasaf” 58 ochko bilan uchinchi, “Dinamo” esa 57 ochko to‘plab, to‘rtinchi o‘rinni band etgan. Shuningdek, mazkur klublar Superliganing sovrinli o‘rinlari uchun hal qiluvchi bellashuvlarni o‘tkazadi.

29 noyabr kuni “Nasaf” o‘z maydonida “Dinamo”ni qabul qiladi. “Paxtakor” esa Namanganda “Navbahor”ga qarshi muhim bahs o‘tkazadi. Agar poytaxt klubi mazkur uchrashuvda zafar quchsa, joriy mavsumni kumush medal bilan yakunlaydi va “Nasaf” – “Dinamo” bahsi natijasi uning o‘rnini o‘zgartirmaydi.

Biroq, Kamoliddin Tojiyev shogirdlari Namangandan durang yoki mag‘lubiyat bilan qaytsa, Qarshidagi o‘yin g‘olibi Superliganing kumush medaliga sazovor bo‘ladi. “Paxtakor” esa bronza medali bilan taqdirlanadi.
Shu tariqa, milliy chempionatimizning so‘nggi turi ham yuqori darajadagi intriga va keskin o‘tishi shubhasiz. Quyida 30-tur doirasida o‘tadigan qolgan uchrashuvlar ro‘yxati keltirilgan:
29 noyabr:
– “Qizilqum” – “Sho‘rtan”.
30 noyabr:
– “Qo‘qon-1912” – “So‘g‘diyona”;
– “Xorazm” – “Neftchi”;
– “Bunyodkor” – “Andijon”;
– “Buxoro” – “Surxon”;
– OKMK – “Mash’al”.
Ma’lumot uchun: “Paxtakor” yarim himoyachisi Hojimat Erkinov sariq kartochkalari soni 4 taga yetgani sababli “Navbahor”ga qarshi uchrashuvda maydonga tushmaydi. Shuningdek, “Nasaf”ning asosiy futbolchilari — Dragan Cheran va Zafarmurod Abdirahmatov ham 4 ta sariq kartochka tufayli “Dinamo”ga qarshi muhim bahsda ishtirok eta olmaydi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA