Bugun, 19 iyun kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 13-tur uchrashuvlari start oladi. Mazkur turning ilk kunida “Andijon“ — “Qizilqum“ va “So‘g‘diyona“ — “Xorazm“ uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.
"So‘g‘diyona" – "Xorazm" jamoalari bugunga qadar o‘zaro 14 marotaba raqobatlashgan bo‘lib, “So‘g‘diyona” ushbu uchrashuvlarda 6 marotaba g‘alaba qozongan bo‘lsa, “Xorazm” 5 ta bahsda zafar quchgan. Qolgan 3 ta o‘yin durang bilan yakunlangan. To‘plar nisbati 24/20 Jizzax shahri jamoasi foydasiga.

“Bobur-arena”da bo‘lib o‘tadigan “Andijon“ va “Qizilqum“ klublari bu gal 41-marotaba to‘qnash kelmoqda. Mazkur uchrashuvga qadar o‘tgan 40 ta bahsning 18 tasida “Qizilqum”, 14 ta o‘yinda esa “Andijon” g‘olib bo‘lgan. Yana 8 ta uchrashuv durang bilan yakun topgan. O‘yinlarda “Qizilqum” 62 marta gol urib, o‘z darvozasidan 52 ta to‘p olib chiqqan.

Bu natijalardan ko‘rinib turibdiki, ushbu jamoalar har jihatdan bir-biriga munosib va shu sababli ham bugungi bahslar keskin va murasasiz o‘tishi shubhasiz.

Quyida Superliganing 13-turidan o‘rin olgan boshqa uchrashuvlar bilan tanishasiz:
20 iyun: “Neftchi” — “Buxoro”, “Mash’al” — “Nasaf”,
21 iyun: “Navbahor” — “OKMK”,
22 iyun: “Paxtakor” — “Qo‘qon-1912”, “Sho‘rtan” — “Surxon”
23 iyun: “Dinamo” — “Bunyodkor”
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA