Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 27-turini yakunlab bergan "Paxtakor" - "Bunyodkor" bahsida 4:2 hisobi qayd etildi.
“Jar” stadionida o‘tkazilgan ushbu uchrashuvda g‘alabaga erishgan “Paxtakor” ochkolarini 55 taga yetkazib oldi va Superliganing uchinchi o‘rnida qoldi.
Ushbu turda qayd etilgan natijalardan so‘ng "Neftchi" 60 ochko bilan musobaqa peshqadamiga aylangan bo‘lsa, "Nasaf" 58 ochko bilan ikkinchi o‘ringa tushdi.

"Dinamo" jamoasi 50 ochko jamg‘arib, to‘rtinchi, "Bunyodkor" esa 46 ochko bilan kuchli beshlikdan o‘rin oldi. OKMK klubi hisobidagi ochkolar 41 taga yetib, 6-pog‘onaga joylashdi. Shuningdek, "Navbahor" – 38, "So‘g‘diyona" – 34, "Qizilqum" – 32 ochko bilan 7-9 o‘rinlarda qayd etildi. "Andijon" va "Qo‘qon-1912" bir xil 29 ta ochkoga ega bo‘lib, 10-11-o‘rinlarga taqsimlandi.
Chempionatimizda "Surxon" – 28, "Mash’al" – 26, "Buxoro" – 25, "Xorazm" – 24 va "Sho‘rtan" – 15 ochko bilan quyi pog‘onalarda bormoqda.

Mamlakat birinchiligida “Paxtakor” klubi hujumchisi Igor Sergeyev 18 ta gol urgan holda to‘purarlar o‘rtasida birinchi o‘rinda bormoqda. Uni “So‘g‘diyona” jamoasi vakili Lyupcho Doriyev 15 ta gol bilan ta’qib etayotgan bo‘lsa, "Nasaf" tarkibida o‘ynayotgan Husayn Norchayev 14 gol urgan holda kuchli uchlikni yakunlagan.
Superliganing 28-tur uchrashuvlari 7-10 noyabr kunlari bo‘lib o‘tadi:
7 noyabr: "Buxoro" — "Neftchi", OKMK — "Navbahor";
8 noyabr: "Qo‘qon-1912" — "Paxtakor", "Bunyodkor" — "Dinamo", "Nasaf" — "Mash’al";
9 noyabr: "Qizilqum" — "Andijon", "Xorazm" — "So‘g‘diyona";
10 noyabr "Surxon" — "Sho‘rtan"
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA