Sportga oid xabarlar yoshdan qat’i nazar e’tibordan chetda qolmaydi. Ayniqsa, “millionlar o‘yini” bo‘lgan futbolga e’tibor o‘zgacha. Bugungi futbol sharhida asosan milliy chempionatimiz va Osiyo qit’asidagi eng muhim xabarlarga to‘xtalamiz.
O‘zbekiston Superligasi o‘z poyoniga yetmoqda. Jumladan, bugun mazkur musobaqaning 24-turi start oladi va so‘nggi o‘yin 11 noyabr kuni “Navbahor” - “Bunyodkor” o‘rtasida bo‘lib o‘tadi.
Ushbu turning ilk o‘yini “OKMK” va “Turon” jamoalari o‘rtasida o‘tadi. Rahimbek Karimov boshchiligidagi hakamlar guruhi boshqaradigan uchrashuv haqida qisqacha to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, “Turon”ga Superligada qolish uchun g‘alaba juda muhim. Shu sababli ham qolgan o‘yinlarda bor e’tiborini g‘alabaga qaratishiga shubha yo‘q. To‘g‘ri, ikki jamoa orasida “OKMK”ning imkoniyatlari yuqori. Shunday bo‘lsa-da, Olmaliq klubida bir qator muammolar bor. Ammo Mirjalol Qosimov shogirdlari sovrinli o‘rinlar uchun bor imkoniyatlarini ishga soladi. Shu sababli ham ikki jamoa bahsi keskin kurashlar ostida o‘tishi kutilmoqda.
Ertaga, 2 noyabr kuni “Qizilqum” o‘z maydonida “Andijon”ni qabul qiladi. Navoiyda o‘tadigan ushbu o‘yinda mezbonlar uchun g‘alaba zarur. “Qizilqum” ham “Turon” kabi musobaqada qolish uchun har bir imkoniyatdan unumli foydalanishga harakat qilmoqda. Andijon klubi esa ligada 6-o‘rinda ancha qulay joylashib olgan.
Darvoqe, “Qizilqum” va “Andijon” bosh murabbiylari Jamshid Saidov hamda Aleksandr Xomyakov ilgari birgalikda faoliyat olib borgani haqida shunchaki eslatmoqchimiz.
Bu turning markaziy uchrashuvi 3 noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tadi. Unda “Paxtakor” – “Nasaf” qarama-qarshiligiga guvoh bo‘lamiz. Hozirda “Paxtakor” 49 ochko jamg‘argan holda liga peshqadami bo‘lib turibdi. “Nasaf” esa o‘tgan turda “Navbahor”ni yengib ochkolar sonini 45 taga yetkazib, ikkinchi o‘ringa chiqib oldi. Bu esa mazkur uchrashuv katta raqobat ostida o‘tishini belgilaydi. O‘yin jihatdan Qarshi shahri jamoasi so‘nggi uchrashuvlarni bir maromda yuqori darajada o‘tkazib kelmoqda. “Paxtakor” esa o‘rtadagi muvaffaqiyatsizliklardan so‘ng g‘alaba qozonishni boshladi. Chempionlik kurashi uchun ikki asosiy da’vogar jamoalar bahsidagi natija orqali liga g‘olibi kim bo‘lishi ancha oydinlashadi.
Shuningdek, shu kuni Farg‘onada “Neftchi” Toshkentning “Olimpik” klubini qabul qiladi. “Neftchi” medallar uchun kurashdan chiqib ketayotgani kun sayin aniqlashmoqda. Biroq, bu jamoa o‘z uyidagi o‘yinlarni finaldek o‘tkazadi. Farg‘onalik muxlislar viloyat bosh jamoasining g‘alabalarini sog‘inmoqda. Agarda bu o‘yinda ham “Neftchi” g‘alaba qozona olmasa muxlislari tomonidan qattiq tanqid qilinadi. “Olimpik” esa bu yil unchalik yorqin o‘yin o‘tkaza olmayapti.
4 noyabr kuni ham bir-biriga mos raqiblar maydonga tushadi. “Metallurg” o‘z maydonida “Surxon” bilan, “So‘g‘diyona” esa “Buxoro” bilan kuch sinashadi. Bu jamoalar bahsi asosan teng kurashlar ostida o‘tadi. Biroq, ushbu to‘rt jamoa uchun g‘alaba suv va havodek zarur. Ayniqsa, “Buxoro”ga. Ulug‘bek Baqoyev shogirdlari qolgan jamoalarga qaraganda ancha og‘ir ahvolda. Shu sabab ham bu jamoa uchun har bir ochko oltinga teng.
Turning so‘nggi o‘yinini ham markaziy uchrashuv deya e’tirof etishimiz mumkin. “Navbahor” Namanganda “Bunyodkor” bilan o‘ynaydi. O‘tgan turda Namanganda “Nasaf”ga imkoniyatni boy bergan “Navbahor” bu galgi uy o‘yinida g‘alaba qozona olmasa, muxlislari kechirmasligi aniq. Shuningdek, ushbu o‘yindan oldin jamoa Osiyo chempionlar ligasi doirasida Eronda o‘yin o‘tkazib qaytadi. “Navbahor” garchi o‘z maydonida o‘ynasa-da, yuqori bosimda harakat qilishi aniq. “Bunyodkor” uchun hozircha hech qanday bosim yo‘q.
Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) prezidenti Janni Infantino ma’lum qilishicha, rasman 2034 yilgi jahon chempionati Saudiya Arabistonida o‘tkaziladi. Saudiya musobaqaga mezbonlik qilish uchun ariza topshirgan yagona mamlakat bo‘ldi. Avvalroq, Avstraliya “JCH-2034” mezbonligi uchun ariza bermaslikka qaror qildi. Indoneziya esa chempionatni o‘tkazish uchun raqobatdan voz kechdi va Saudiya Arabistonining taklifini qo‘llab-quvvatladi. Bu esa biz uchun ham juda quvonchli xabar. Sababi, qit’amizda o‘tadigan mazkur musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi qatnashish imkoniyatlari kengayadi.
Eslatib o‘tamiz, 2026 yilda jahon chempionati AQSH, Kanada va Meksikada, 2030 yilda esa ilk bor oltita davlat – Urugvay, Paragvay, Argentina, Marokash, Portugaliya va Ispaniyada bo‘lib o‘tadi.
Kecha Doha shahrida Osiyo futbol konfederatsiyasi tomonidan yilning eng yaxshilarini aniqlash marosimi bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi “Yilning eng yaxshi futbol assotsiatsiyasi” nominatsiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Bunga asosiy sabab mamlakatimiz Osiyoning turli futbol tadbirlari – “U23” va “U20” yosh toifalarida Osiyo chempionatlari, shuningdek, OFKga a’zo assotsiatsiyalar prezidentlari va bosh kotiblari konferensiyalariga mezbonlik qildi va ularni yuqori saviyada o‘tkazdi.
Shuningdek, qit’a miqyosidagi turli saralash bahslari, klublar o‘rtasidagi turnirlar, ayollar futboli, “CAFA” musobaqalari O‘FA tomonidan munosib tashkillashtirildi. Mazkur harkatlarni OFK munosib e’tirof etdi.
Qit’amizning turli nominatsiyalarda eng yaxshilari aniqlandi:
- Eng yaxshi erkak futbolchi - Salim Al-Dovsari ("Al-Hilol", Saudiya Arabistoni);
- Eng yaxshi ayol futbolchi - Sem Kerr ("Chelsi", Avstraliya);
- Eng yaxshi erkak bosh murabbiy - Xajime Moriyasu (Yaponiya);
- Eng yaxshi ayol bosh murabbiy - Shui Kingxiya (Xitoy);
- Eng yaxshi yosh erkak futbolchi - Kuryu Matsuki (Yaponiya);
- Eng yaxshi yosh ayol futbolchi - Maika Xamano (Yaponiya);
- Eng yaxshi halqaro futbolchi - Kim Min Jaye ("Bavariya", Janubiy Koreya);
- Eng yaxshi futzalchi - Muslim Oladgobad (Eron).
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA