Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Superligada 2-tur yakunlandi (+video)
15:04 / 2026-03-08

Superligada 2-tur uchrashuvlari yakuniga yetdi. Ilk turda chiroyli g‘alabalari bilan o‘z muxlislarini xursand qilgan vodiyning 3 grandidan ikkitasi 2-turga keliboq qoqildi. Dastlab, muxlislar "Qo‘qon-1912" va "Paxtakor" jamoalari o‘rtasidagi o‘yin guvohi bo‘ldi.

Ushbu o‘yinning birinchi bo‘limida hisob ochilmadi. Ikkinchi bo‘lim avvalida esa zaxiradan maydonga tushgan Hamdamov hisobni ochdi. Biroz o‘tib boshqa bir zaxiradan maydonga tushgan futbolchi Pyotri Parjishek oradagi farqni ikkitaga yetkazib qo‘ydi. Faqatgina o‘yin tugashi arafasida Toma Tabatadze penaltidan gol urib, farqni qisqartirdi va "sherlar" ketma-ket ikkinchi tur g‘alabani tantana qildi. 

Kunning ikkinchi bahsida ham xuddi shu hisob qayd etildi. Biroq unda favorit mag‘lub bo‘ldi. "Qizilqum" - "Andijon" uchrashuvining 35-daqiqasida Jaba Jigauri hisobni ochgan bo‘lsa, 76-daqiqada Aleksandr Andronikashvili muvozanatni tikladi. Oradan biroz vaqt o‘tib "Qizilqum" yetakchisi Islom Kenjaboyev navoiyliklarni yana hisobda oldinga olib chiqdi.

Turning eng sensatsion natijalaridan biri bu "Navbahor"ning mag‘lubiyati bo‘ldi. Toshkentdagi "Olimpiya" stadionida o‘tkazilgan bellashuvda namanganliklar "Buxoro"ga 0:1 hisobida mag‘lub bo‘ldi. O‘yindagi yagona gol Velko Filipovich tomonidan kiritildi. 

Noqulay ob-havo va sifatsiz maydonda bo‘lib o‘tgan "Mash’al" - "Lokomotiv" qarama-qarshiligida esa "temiryo‘lchilar" ishonchli tarzda zafar quchdi. Birinchi bo‘lim yakunlanishi arafasida Anzur Ismoilov hamda Quvonchbek Abrayev tomonidan kiritilgan gollar poytaxt klubiga g‘alaba keltirdi. "Neftchi" esa "Surxon" maydonidan 3:0 hisobidagi g‘alaba bilan qaytdi. Stipe Peritsa o‘zining sermahsulligi bilan muxlislarni xursand qilyapti. U mazkur bellashuvda dubl qilgan bo‘lsa, yana bir gol Yovan Jokich tomonidan urildi. 

Turni yakunlab bergan 6-mart kungi ikki bellashuvda qisman kutilgan natijalar qayd etildi. "Dinamo" "Bunyodkor" maydonida 2:1 hisobida zafar quchdi. Dastlab, Azizbek Amonov hisobni ochgan bo‘lsa, oradan 6 daqiqa o‘tib Firdavs Abdurahmonov oradagi farqni ikkitaga yetkazib qo‘ydi. Faqatgina bahs tugashi arafasida Samandar Mavlonqulov oradagi farqni bittaga qisqartirdi. 

"Nasaf" esa So‘g‘diyona"ni 2:0 hisobida mag‘lub etdi. Gollar ilk bo‘limda Oybek Rustamov hamda Sharof Muhitdinov tomonidan kiritildi. Qayd etish lozim, ikkinchi bo‘lim tugashi arafasida Abduvohid Ne’matov Lyupcho Doriyev tomonidan tepilgan penaltini qaytardi.

Turning so‘nggi bellashuvida kichik sensatsiya ro‘y berdi. "Xorazm" o‘z maydonida OKMKni 1:0 hisobida taslim etdi. O‘yindagi yagona gol 52-daqiqada Oybek Ortiqboyev tomonidan kiritildi.

Ikkinchi turdan so‘ng "Neftchi" 6 ochko va 6:0 to‘plar nisbati bilan birinchi o‘rinda borayotgan bo‘lsa, poytaxt jamoalari "Lokomotiv" va "Paxtakor" keyingi o‘rinlarni band etgan. Shuningdek, 6 ochkoga ega "Nasaf" va "Buxoro" kuchli beshlikni yakunlab bergan.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/XHrci5bvp_U" title="Superligada 2-tur yakunlandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Karim Xudoyqulov, O‘zA