Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 27-turini “Paxtakor” va “Bunyodkor” klublari o‘rtasidagi o‘yin yakunlab beradi. Uchrashuv bugun, 3 noyabr kuni soat 18:30 da poytaxtimizdagi “Jar” stadionida tashkil etiladi.
Shu o‘rinda “Paxtakor” va “Bunyodkor” to‘qnashuviga oid ayrim ma’lumotlarni e’tiboringizga havola etmoqchiman. Jamoalar bugunga qadar 39 ta bellashuv o‘tkazgan bo‘lib, uning 15 tasida “Paxtakor”, 14 tasida esa “Bunyodkor” g‘olib bo‘lgan. Qolgan 10 ta bahsda durang qayd etilgan. Ushbu o‘yinlarda “Paxtakor” raqib darvozasiga 51 to‘p kiritib, 46 gol o‘tkazib yuborgan.

Jamoalar o‘rtasidagi eng yirik natija 2020 yilning birinchi davrasida qayd etilgan. O‘sha uchrashuvda “Paxtakor” 5:0 hisobida zafar quchgan.
Darvoqe, kuni kecha Superliganing 27-turi doirasida “Mash’al” va “Qo‘qon-1912” klublari o‘zaro kuch sinashdi. Unda mezbonlar 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuvdagi yagona golni 13-daqiqada Humoyun Murtazoyev kiritdi. Natijada “Mash’al” ochkolarini 26 taga yetkazib oldi va turnir jadvalida 13-o‘ringa ko‘tarildi. “Qo‘qon-1912” esa 29 ochko bilan 11-pog‘onada qolmoqda.

Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, Superliganing joriy mavsumi yakunlanishiga uch tur qolganida “Sho‘rtan” kelasi mavsumni Pro ligada o‘tkazishi oydinlashdi. Klub bugunga qadar bor yo‘g‘i 15 ochko to‘plagan holda so‘nggi o‘rinda bormoqda. Ushbu jamoa qolgan uchta o‘yinda 9 ochko to‘play olsa ham jami 24 ochkoga ega bo‘ladi. Ammo hozirda 24 ochkoga ega bo‘lgan “Xorazm” mavsum davomida g‘uzorliklarni ikki bor mag‘lub etgan bo‘lib, o‘zaro o‘yinlar natijasiga ko‘ra, “Sho‘rtan” Pro ligaga tushib ketadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA