Bugun, 12 sentyabr kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 21-turi doirasida «So‘g‘diyona» — OKMK va «Navbahor» — «Surxon» klublari o‘zaro raqobatlashadi.
Jizzaxda o‘tkaziladigan «So‘g‘diyona» va OKMK klublari o‘rtasidagi o‘yin soat 18:30 da boshlanadi. O‘yinni Shavkat Nasibullayev bosh hakam sifatida boshqaradi. Unga qanotlarda Ruslan Serazitdinov va Baxtiyorxo‘ja Shavkatov yordam beradi. Ayni damda «So‘g‘diyona» 21 ochko bilan 10-o‘rinda bormoqda. OKMK esa 37 ochko bilan 4-pog‘onadan joy olgan.

Ikkinchi bahs Namangandagi «Markaziy» stadionida bo‘lib o‘tadi. Soat 19:30 da boshlanadigan «Navbahor» va «Surxon» jamoalari to‘qnashuvini Timur To‘xtasinov boshqaradi.
Shu o‘rinda ushbu jamoalarning milliy chempionatimiz tarixidagi o‘zaro o‘yinlari haqida to‘xtalib o‘tsak. Klublar bugunga qadar 37 marta ro‘baro‘ kelgan. Ushbu o‘yinlarning 25 tasida «lochinlar»ning qo‘li baland kelgan, 7 tasida termizliklar g‘alaba qozongan bo‘lsa, 5 ta bahs durang bilan yakunlangan. To‘plar nisbati – 87/27 «Navbahor» foydasiga. O‘zaro uchrashuvlarda «Navbahor» 80 ochko, «Surxon» esa 26 ochkoni qo‘lga kiritgan.

Ushbu jamoalar o‘rtasidagi o‘yinlardagi eng yirik - 9:0 hisobi 1997 yili Namanganda qayd etilgan. Ta’kidlash joizki, Namangan jamoasi o‘tkazilgan 37 ta bahsning 12 tasida termizliklar ustidan yirik hisobda zafar quchgan.
«Navbahor» hamda «Surxon» klublari bugungacha Namanganda 18 marta kuch sinashgan va ushbu uchrashuvlarning birortasida «Surxon» g‘alaba qozona olmagan. Hozirda Namangan shahrining bosh jamoasi 32 ochko jamg‘arib, Superliganing 7-pog‘onasida bormoqda. "Surxon" jamoasi esa 23 ochko to‘plab, 9-o‘rindan joy olgan.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA