O‘zbekiston Superligasi 23-turini yakunlab beruvchi "So‘g‘diyona" – "Neftchi" va "Mash’al" – "Buxoro" uchrashuvlari o‘z nihoyasiga yetdi.
Jizzaxda o‘tkazilgan, "So‘g‘diyona" va "Neftchi" uchrashuvi 0:1 hisobida o‘z yakuniga yetdi. Mazkur uchrashuvdagi yagona golga Jamshid Iskanderov mualliflik qildi. "Mash’al" – "Buxoro" to‘qnashuvida hisob ochilmadi.

Shu tariqa, mazkur turda qayd etilgan natijalardan so‘ng "Nasaf" 52 ochko bilan Superliga peshqadami sifatida qoldi. "Neftchi" esa safardagi muhim g‘alabadan so‘ng 48 ochko bilan ikkinchi, "Paxtakor" 43 ochko to‘plab, uchinchi o‘rindan joy oldi. Jadvalning kuchli beshligini "Dinamo" 41 va OKMK 40 ochko bilan yakunladi.

O‘zbekiston chempionatining 24-tur o‘yinlari 3-5 oktyabr kunlari tashkil etiladi. Unda quyidagi bahslarga guvoh bo‘lamiz:
3 oktyabr: "Xorazm" — "Navbahor", OKMK — "Qo‘qon-1912";
4 oktyabr: "Surxon" — "Dinamo", "Buxoro" — "Paxtakor", "Bunyodkor" — "Nasaf";
5 oktyabr: "Sho‘rtan" — "So‘g‘diyona", "Neftchi" — "Andijon", "Qizilqum" — "Mash’al"

Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA