Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 20-turi 20-23 avgust kunlari bo‘lib o‘tishi haqida xabar bergan edik. Ushbu turning ilk kunida “Sho‘rtan” – “Navbahor”, “So‘g‘diyona” – “Dinamo” jamoalari o‘zaro raqobatlashadi.
Turni boshlab beruvchi “Sho‘rtan” – “Navbahor” uchrashuvi haqida ayrim ma’lumotlarni e’tiboringizga havola qilsak. Bugun soat 19:00 da G‘uzor shahridagi “Markaziy” stadionida bo‘lib o‘tadigan ushbu o‘yindan oldin jamoalar 25 marotaba to‘qnash kelgan. Ularning 13 tasida “Navbahor” g‘alaba qozongan, 4 uchrashuv durang bilan yakunlangan, 8 ta bahsda esa “Sho‘rtan” zafar quchgan. To‘plar nisbati – 40/34 - “Navbahor” foydasiga.

Ushbu klublar o‘rtasidagi o‘yinlarda namanganliklarning eng yirik hisobdagi g‘alabasi 4:0 bo‘lib, 2010 yilgi mavsumda o‘z maydonida qayd etilgan. G‘uzorliklarning “Navbahor” ustidan qozongan eng yirik g‘alabasi ham aynan 4:0 bo‘lib, bu natija ham 2010 yilda “Sho‘rtan”ning o‘z maydonida qayd etilgan.
E’tiborlisi shundaki, joriy mavsumning birinchi davrasida Namanganda bo‘lib o‘tgan bahsda mezbonlar Igor Gabriel (45+3) va Abbosjon G‘ulomov (90+7) tomonidan kiritilgan gollar evaziga 2:0 hisobida g‘alaba qozongan edi.

Ayni damda Superliga jadvalida “Sho‘rtan” 10 ochko bilan so‘nggi o‘rinda borayotgan bo‘lsa, “Navbahor” 31 ochko bilan 7-pog‘onadan joy olgan.
Endi esa Jizzaxda bo‘lib o‘tadigan “So‘g‘diyona” – “Dinamo” uchrashuvi haqida to‘xtalib o‘tamiz. Ushbu jamoalarning milliy chempionatdagi o‘zaro uchrashuvi hozircha 45 tani tashkil etmoqda. Mazkur uchrashuvlarning 19 tasida “Dinamo” g‘alaba qozongan bo‘lsa, 17 marta imkoniyatni boy berib qo‘ygan va 9 o‘yinda durang qayd etgan.
“So‘g‘diyona” o‘tgan bahslarda o‘z darvozasidan 64 marotaba to‘p olib chiqqan bo‘lsa, raqibga 51 ta gol urgan. Chempionatda “Dinamo” 37 ochko jamg‘arib, uchinchi o‘rinni band etgan. “So‘g‘diyona” 20 ochkoga ega bo‘lib, 11-o‘rinda bormoqda.
Quyida milliy chempionatimizning 20-turidan o‘rin olgan boshqa uchrashuvlar ro‘yxati bilan tanishasiz:
21 avgust, payshanba: “Neftchi” – “Mash’al”, “Buxoro” – “Qo‘qon-1912”;
22 avgust, juma: “Andijon” – “Paxtakor”, “Qizilqum” – “Bunyodkor”;
23 avgust, shanba: “Surxon” – “Nasaf”, “OKMK” – “Xorazm”.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA