Mamlakatimizda futbol sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasi o‘laroq milliy terma jamoalarimiz xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etib, tarixiy natijalarga erishmoqda. Shuningdek, tizimli ishlar natijasida milliy chempionatimiz shaffof tarzda o‘tkazilib, klublar saviyasi yildan-yilga yuksalib bormoqda.
O‘zbekiston Superligasi so‘nggi 3-4 yil mobaynida zamonaviy yondashuvlar asosida faoliyat yuritmoqda. Xususan, musobaqa qur’asini belgilashda uzoq yillar davomida Berger tizimiga asoslangan klassik uslubdan foydalanib kelingan bo‘lsa, bugungi kunda jahonning yetakchi ligalari taqvimdagi murakkabliklar, logistika masalalari hamda jamoalarning xalqaro musobaqalardagi ishtiroki inobatga olingan holda sun’iy idrokka asoslangan yangi mexanizmlarga o‘tmoqda.
O‘zbekiston milliy terma jamoasining Jahon kubogi final bosqichida ishtirok etishi sababli 2026 yil mamlakat futbol tarixi uchun alohida ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, 2027 yilning dastlabki kunlaridan Saudiya Arabistonida Osiyo Kubogi start oladi. Qisqa vaqt ichida o‘tkaziladigan ikki yirik musobaqa Superliga taqvimini shakllantirishda muayyan qiyinchiliklarni keltirib chiqarishi tabiiy.
Shu munosabat bilan Liga o‘tgan mavsum xalqaro tajribani chuqur tahlil qilib, GotSport kompaniyasi bilan hamkorlik qilishga qaror qildi. Ushbu kompaniya xizmatlaridan futboli rivojlangan bir qator davlatlar, jumladan, Janubiy Koreya K ligasi hamda Avstraliya A ligasi foydalanib kelmoqda.
Ma’lum qilinishicha, 2026 yilning birinchi yarmida ayrim klublar o‘z uy maydonlarida emas, boshqa stadionlarda mavsumni boshlashi rejalashtirilgan. Yangi taqvimni ishlab chiqish jarayonida xalqaro maydonlarda O‘zbekiston nomidan ishtirok etuvchi klublarning imkoniyatlari ham hisobga olinadi. Shuningdek, derbi uchrashuvlari hamda o‘tgan mavsumni kuchli to‘rtlikda yakunlagan jamoalarga qarshi o‘yinlarning ketma-ket turlarga to‘g‘ri kelib qolmasligiga alohida e’tibor qaratiladi.
Ayni paytda Liga GotSport mutaxassislari bilan hamkorlikda yangi mavsum taqvimining bir necha o‘nlab variantlarini muhokama qilmoqda. Yaqin orada ishchi guruh tomonidan saralab olingan taqvim loyihalari klublarga taqdim etiladi va ularning takliflari asosida musobaqa o‘tkazish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinadi, deya xabar bermoqda “UzPFL” matbuot xizmati.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA