English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Superliga: Qo‘qonda “vodiy derbisi” o‘tkaziladi
08:42 / 2025-10-25

Bugun futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 26-turidan o‘rin olgan “Sho‘rtan” — “Neftchi” va “Qo‘qon-1912” — “Navbahor” jamoalari bahsi bo‘lib o‘tadi.

G‘uzorda o‘tadigan “Sho‘rtan” — “Neftchi” o‘rtasidagi uchrashuv soat 16:30 da, Qo‘qon shahri mezbonlik qiladigan “Qo‘qon-1912” — “Navbahor” klublari to‘qnashuvi soat 19:00 da boshlanadi.

Shu o‘rinda, “Qo‘qon-1912” — “Navbahor” klublarining o‘zaro o‘yinlari statistikasiga nazar tashlasak.

Milliy chempionatlarimiz tarixida ushbu jamoalar shu kungacha jami 35 marta o‘zaro ro‘baro‘ kelgan. Unda “Navbahor” 19, qo‘qonliklar esa 8 ta o‘yinda zafar quchgan bo‘lsa, 8 ta uchrashuvda durang natija qayd etilgan. To‘plar nisbatidagi ustunlik 66/37 - namanganliklar foydasiga.  

Jamoalar o‘rtasidagi bahslarda eng yirik hisob 2 marta qayd etilgan. “Navbahor” 2003 va 2016 yillarda Namanganda o‘tkazilgan o‘yinlarda “Qo‘qon-1912”ni 5:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan.

Mazkur jamoalarning shu kungacha Qo‘qonda bo‘lib o‘tgan 17 ta bahsidan 6 tasida mezbonlar g‘alaba qozongan bo‘lsa, 5 ta o‘yinda namanganliklar zafar quchgan, 6 ta uchrashuvda esa durang natija qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilgi mavsumning 1-davrasida  “Navbahor” Namanganda “Qo‘qon-1912” ustidan 3:0 hisobida zafar quchgan edi.

Kuni kecha Superliganing 26-turidan o‘rin olgan  "Qizilqum" – "Dinamo" bahsida 2:0 hisobi qayd etildi. Uchrashuvdagi gollarni 2-daqiqada Islom Kenjaboyev va 31-daqiqada Jambuli Jigauri kiritdi.  

Shu tariqa, mezbonlar ochkolarini 32 taga yetkazib oldi va 8-pog‘onaga ko‘tarildi. “Dinamo” 47 ochko bilan 4-o‘rinda qoldi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA