Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Superliga: “Qo‘qon-1912” va “So‘g‘diyona” g‘alaba qozondi
09:50 / 2025-04-27

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 7-tur uchrashuvlari doirasida “Qo‘qon-1912” – “Xorazm”, “Mash’al” – “Surxon” va “So‘g‘diyona” – “Andijon” jamoalari o‘rtasida bahslar o‘tkazildi.

Superliganing 7-tur dastlabki uchrashuvida "Qo‘qon-1912"  o‘z maydonida "Xorazm" klubiga qarshi o‘yin o‘tkazdi. Uchrashuvning 44-daqiqasida mezbonlar vakili Shahzod Beshimov penaltidan unumli foydalandi. Mazkur natija evaziga “Qo‘qon-1912” ochkolar sonini 9 taga yetkazib oldi. “Xorazm” esa 7 ochko bilan qoldi.

Termiz shahridagi "Surxon arena" stadionida bo‘lib o‘tgan "Mash’al" – "Surxon" uchrashuvida hisob ochilmadi. Natijada har ikkala klubning ochkolari 7 taga yetdi.  

Jizzaxdagi “So‘g‘diyona” markaziy stadionida tashkil etilgan "So‘g‘diyona" – "Andijon" uchrashuvi 1:0 hisobida o‘z yakuniga yetdi. Uchrashuvdagi yagona golni 58-daqiqada Suhrob Izzatov kiritdi. Shu tariqa, uzoq kutilgan g‘alabadan so‘ng Jizzax shahri jamoasi 7 ochko jamg‘ardi. Ayni damda “Andijon” 9 ochkoga ega bo‘lib turibdi.

Bugun, 27 aprel kuni “Nasaf” – “Qizilqum”, “Navbahor” – “Buxoro” hamda “Paxtakor” – “Sho‘rtan” uchrashuvlari o‘tkaziladi.  

“Navbahor” – “Buxoro” bahsi  Namangan shaharidagi  “Markaziy”  stadionida soat 18:00 da start oladi.

Ma’lumot tarzida aytib o‘tadigan bo‘lsak, mazkur klublar Superliga (oliy liga) o‘yinlarida jami 60 marta o‘zaro to‘qnash kelgan. “Navbahor” mazkur uchrashuvlarning 34 tasida  g‘alaba qozongan bo‘lsa, 16 ta uchrashuvda buxoroliklar zafar quchgan. 10 ta o‘yin esa durang natija bilan yakunlangan. To‘plar nisbati 109/62 “Navbahor” foydasiga.  

Endi esa xalq jamoasi deya bir vaqtlar nom olgan “Paxtakor” klubining “Sho‘rtan”ga qarshi o‘tadigan o‘yini oldidan o‘zaro uchrashuvlar statistikasiga nazar tashlaymiz. Bu jamoalar shu kunga qadar o‘zaro 24 bor milliy chempionatimizda o‘yin o‘tkazgan bo‘lib, "Paxtakor" 19 marotaba raqiblarini dog‘da qoldirgan. Ikki bahs durang va qolgan uch uchrashuvda “Sho‘rtan” futbolchilarining qo‘li baland kelgan. Poytaxtimiz klubi o‘tgan bellashuvlarda raqib darvozasini 63 marta ishg‘ol etgan bo‘lsa, 20 ta to‘pni o‘zi darvozasidan olib chiqqan.  

"Paxtakor" va "Sho‘rtan" o‘rtasidagi o‘yin "Jar" stadionida soat 18:00da boshlanadi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA