Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Superliga: “Paxtakor”da yana mag‘lubiyat, “Navbahor” peshqadamga yaqinlashdi
10:03 / 2023-10-09

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasida 21-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Ushbu turda barchaning e’tibori musobaqa g‘olibligiga da’vogar “Paxtakor”, “Navbahor”, “Nasaf” va “Neftchi” jamoalariga qaratildi.

Namanganning “Navbahor” klubi safarda “Buxoro” mehmoni bo‘ldi. Mazkur o‘yin jamoalarning 60-uchrashuvi bo‘lib, unda mehmonlar 0:3 hisobida g‘alaba qozondi. O‘yinda “Navbahor”ga g‘alaba keltirgan gollarga Jamshid Iskanderov, Asadbek Sobirjonov va Temurxo‘ja Abduxoliqov mualliflik qildi.

Shu tariqa, “Navbahor” 40 ochko bilan 2-o‘ringa chiqib oldi. 14 ochkosi bor buxoroliklar 13-pog‘onani band etdi.

Turnir peshqadami bo‘lgan “Paxtakor” ham safarda o‘yin o‘tkazdi. Toshkent jamoasi “Andijon”ga qarshi o‘yinda 1:0 hisobida imkoniyatni boy berdi. O‘yindagi yagona gol Rubin Xebay tomonidan kiritildi.

Mazkur g‘alabadan so‘ng “Andijon” 31 ochko bilan 6-o‘ringa chiqib oldi. Avgust oyidan beri g‘alaba qozona olmayotgan “Paxtakor” esa hamon 43 ochko bilan Superliga jadvalida karvonboshi bo‘lib turibdi.

21-turning markaziy uchrashuvi “Nasaf” — “Neftchi” jamoalari o‘rtasi bo‘lib o‘tdi. O‘yinda Jambuli Jigauri va Andres Chavez raqib darvozasini ishg‘ol qildi va “Nasaf”ning 2:0 hisobidagi g‘alabasiga sababchi bo‘ldi.

Qayd etilgan bu natijadan so‘ng, “Nasaf” ochkolar sonini 39 taga yetkazdi va asosiy ta’qibchisi “Neftchi”dan ikki ochkoga o‘zib ketdi. Biroq farg‘onaliklar hisobida bitta o‘yin kamligi bois, medallar uchun kurashdan chiqmadi.

O‘zbekiston Superligasida “OKMK” — “So‘g‘diyona” bahsida muxlislar jami beshta gol guvohi bo‘ldi. Unda mezbonlar 3:2 hisobida g‘alaba qozondi. “OKMK” mazkur g‘alabadan so‘ng 33 ochko jamg‘argan holda 5-o‘rindagi o‘rnini yanada mustahkamlab oldi. “So‘g‘diyona” esa 23 ochko bilan 10-pog‘onadan joy egallagan.

Toshkentda o‘tkazilgan “Bunyodkor” — “Qizilqum” bahsi 2:2 hisobida yakunlandi. Teng kurashlar ostida o‘tgan o‘yinning birinchi bo‘limi 0:0 hisobida tugadi. Ikkinchi bo‘limda Islom Kenjaboyev 50-daqiqada hisobni ochgan bo‘lsa, 58-daqiqada Avazbek O‘lmasaliyev muvozanatni tikladi. 75-daqiqada mehmonlar vakili Muhammadali G‘iyosov jamoasini oldinga olib chiqdi. Biroq mezbonlar hujumga zo‘r berib, 82-daqiqada hisobni tenglashtirdi. Ushbu golga Umidbek Sultonov mualliflik qildi.

Hozirda “Bunyodkor” hisobida 27 ochko mavjud bo‘lib, 8-o‘rindan joy olmoqda. “Qizilqum” esa 18 ochko jamg‘argan holda 12 o‘rinni egallagan.

Mazkur turning “Turon” – “Metallurg” bahsida 1:1 hisobida durang natija qayd etildi. Maydon egalarining goliga Humoyun Murtazoyev mualliflik qilgan bo‘lsa, mehmonlarning goli Shahzod Ubaydullayev nomiga qayd etildi.

Shu tariqa, “Turon” 13 ochko bilan so‘nggi 14-o‘rinda qoldi. 26 ochkosi bor “Metallurg” 9-pog‘onadan joy egalladi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA