Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Superliga: “Paxtakor” va "Navbahor" g‘alaba qozondi
10:08 / 2025-05-26

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 11-turi bugun, 26 may kuni “Mash’al” — “Bunyodkor” jamoalari bahsidan so‘ng o‘z yakuniga yetadi.

Kuni kecha mazkur tur doirasida 3 ta o‘yin o‘tkazildi. Jumladan, "Dinamo" o‘z maydonida "Qizilqum" klubini 3:2 hisobida yengdi. Namangan shahridagi “Markaziy” stadionida o‘tkazilgan vodiy derbisida "Navbahor" 3:0 hisobida "Qo‘qon-1912" jamoasini taslim qildi.  

Poytaxtimizdagi “Jar” stadionida o‘tkazilgan "Paxtakor" – "Xorazm" jamoalari bahsi keskin va murosasiz o‘tdi. Uchrashuvning 5-daqiqasida Temur Ismoilov gol urib, “Xorazm”ni oldinga olib chiqdi. Shundan so‘ng, “Paxtakor” futbolchilari o‘yin tizginini qo‘lga olguncha biroz vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, jamoa hujumchisi Igor Sergeyev 24-daqiqada Bashar Resan tomonidan uzatilgan to‘pni boshi bilan raqib darvozasiga joylab qo‘ydi.  

Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, mazkur gol Igor Sergeyev uchun Superligada "Paxtakor" safida urilgan 110-goli bo‘ldi. Natijada I.Sergeyev jamoada eng ko‘p gol urgan futbolchiga aylandi. Darvoqe, ayni damda Igor Superligada 11 ta o‘yinda 9 ta gol urib, to‘purarlar ro‘yxatini boshqarmoqda.

Tanaffusdan keyin Bashar Resan, Ibrohim Ibragimov, Igor Sergeyev va Hojiakbar Alijonov raqib jamoasi darvozasi tomon bir necha urinishlar amalga oshirdi. Biroq bu harakatlar noaniq chiqdi. 90+8-daqiqada H.Alijonov darvoza oldiga to‘pni oshirdi, ushbu uzatmani bartaraf etishni maqsad qilgan “Xorazm” jamoasi a’zosi Vladimir Bubanya o‘z darvozasiga gol urib qo‘ydi. Natijada “Paxtakor” 2:1 hisobida “Xorazm” jamoasi ustidan g‘alaba qozondi.

11-turda qayd etilgan ushbu natijalardan so‘ng, “Dinamo” 22 ochko jamg‘arib, jadvalning uchinchi pog‘onasiga ko‘tarilib olgan bo‘lsa, “Navbahor” 20 ochko to‘plab, liganing 4-o‘rniga joylashdi. “Paxtakor” esa 18 ochko to‘pladi va hozircha 6-o‘rinni band etdi.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA