Superliga: “Paxtakor” ochko yo‘qotdi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 22-turidan o‘rin olgan OKMK – “Bunyodkor” va “Sho‘rtan” – “Paxtakor” jamoalari bahsi o‘z yakuniga yetdi.
Olmaliqda tashkil etilgan OKMK va “Bunyodkor” bahsida muxlislar jami 6 ta golga guvoh bo‘ldi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, uchrashuv davomida mezbonlar tarkibida Xurshid G‘iyosov dubl qayd etgan bo‘lsa, Nodirbek Abdurazzoqov, Ruben Sanches (penalti) va Avazbek O‘lmasaliyev raqib darvozasiga bittadan gol urdi. “Bunyodkor” jamoasining yagona goli Najmiddin Normurodov tomonidan kiritildi.

Shu tariqa 5:1 hisobida zafar quchgan OKMK ochkolarini 40 taga yetkazib oldi. Poytaxt klubi esa 38 ochko bilan qoldi.
G‘uzordagi "Markaziy" stadionida o‘tgan “Sho‘rtan” – “Paxtakor” uchrashuvida hisob ochilmadi va jamoalar bir ochkodan bo‘lishib oldilar.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA