Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Superliga: “Paxtakor” muhim g‘alabaga erishdi
10:12 / 2025-10-20

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 25-turi so‘nggi kunida “Paxtakor” – “Qizilqum”, “Neftchi” – OKMK jamoalari o‘zaro raqobatlashdi.

Toshkentda o‘tkazilgan “Paxtakor” va “Qizilqum” uchrashuvi 3:0 hisobida yakunlandi. Mazkur bahsdagi gollarga Igor Sergeyev (dubl) va Zaid Tahsin mualliflik qildi. Farg‘onada o‘tgan “Neftchi” hamda OKMK o‘rtasidagi bahsda mezbonlar vakili Jamshid Iskanderov 17-daqiqada penaltidan gol urib, jamoasining kichik hisobdagi g‘alabasini ta’minladi.  

Qayd etilgan natijalardan so‘ng, “Nasaf” klubi 56 ochko bilan yaqqol peshqadam sifatida qoldi. Ushbu klubni “Neftchi” 54, “Paxtakor” 49 ochko jamg‘argan holda ta’qib qilmoqda. Liga jadvalining kuchli beshtaligini “Dinamo” 47, “Bunyodkor” 43 ochko to‘plagan holda yakunladi.

Shuningdek, OKMK ochkolarini 40 taga yetkazib oltinchi, “Navbahor”  esa 37 ochko bilan yettinchi o‘rindan joy oldi. “So‘g‘diyona” 31,  “Qizilqum” 29 va “Andijon” 28 ochkoga ega bo‘lib, 8-10 o‘rinni band etdi. “Qo‘qon-1912” jamoasi esa 26 ochko evaziga 11-pog‘onadan o‘rin olgan bo‘lsa, “Surxon” 25 ochko bilan Superliganing o‘n ikkinchi jamoasiga aylandi.

“Xorazm”, “Mash’al”, “Buxoro” va “Sho‘rtan” milliy chempionatimizning quyi pog‘onalarida bormoqda.

Darvoqe, o‘tgan 25 tur davomida raqib darvozasini 18 marotaba ishg‘ol qilgan “Paxtakor” klubi a’zosi Igor Sergeyev to‘purarlar ro‘yxatida karvonboshilik qilmoqda. Uning ortidan 14 tadan gol urgan Lyupcho Doriyev (“So‘g‘diyona”) va Husayn Norchayev (“Nasaf”) bormoqda.  

O‘zbekiston Superligasining 26-turi 23-27 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Undan quyidagi uchrashuvlar o‘rin olgan:

23 oktyabr: “Xorazm” — “Paxtakor”, “Buxoro” — “So‘g‘diyona”;

24 oktyabr: “Qizilqum” — “Dinamo”;

25 oktyabr: “Sho‘rtan” — “Neftchi”, “Qo‘qon-1912” — “Navbahor”;

26 oktyabr:  OKMK — “Nasaf”, “Bunyodkor” — “Mash’al”;

27 oktyabr:  “Surxon” — “Andijon”.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA