Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 2-tur uchrashuvlarini “Qo‘qon-1912” — “Paxtakor”, “Qizilqum” — “Andijon” jamoalari o‘rtasidagi o‘yinlar boshlab beradi.
Turning ilk o‘yini Qo‘qon shahridagi “Markaziy” stadionida soat 18:45 da boshlanadi. Unda “Qo‘qon-1912” va “Paxtakor” jamoalari maydonga tushadi.
Uchrashuv oldidan mazkur jamoalarning o‘zaro o‘yinlari tarixiga nazar tashlasak. Milliy chempionatlar doirasida o‘tgan 36 bahsning 21 tasida "Paxtakor" zafar quchgan. 9 o‘yinda durang qayd etilgan bo‘lsa, 6-marta qo‘qonliklar g‘alaba qozongan. To‘plar nisbati 92/48 - "sherlar" foydasiga.

Navoiy shahridagi “Yoshlar” sport majmuasi stadionida soat 19:15 da boshlanadigan “Qizilqum” — “Andijon” jamoalarining o‘zaro o‘yinlari statistikasiga e’tibor qaratsak.
Jamoalar chempionat doirasida shu kunga qadar o‘zaro 42 ta uchrashuv o‘tkazgan. Ularning 19 tasida “Qizilqum”, 14 tasida “Andijon” zafar quchgan. Yana 9 bellashuv durang bilan yakunlangan. To‘plar nisbati 65/54 ko‘rinishida bo‘lib, ustunlik navoiyliklar tomonida.
O‘tgan mavsumning birinchi davrasida “Andijon” o‘z uyida 1:1 hisobida durang o‘ynagan bo‘lsa, Navoiydagi javob o‘yinida 1:2 hisobida imkoniyatni boy bergan.

Ma’lumot uchun, “Andijon” chempionat doirasida so‘nggi bor 2012-yilda “Qizilqum” maydonida g‘alaba qozongan. O‘shanda 2:1 hisobi qayd etilgan. Bu hozircha andijonliklarning Navoiydagi yagona g‘alabasi bo‘lib turibdi.
Eslatib o‘tamiz, milliy chempionatimiz doirasida 5-mart kuni “Navbahor” - “Buxoro” (19:00), “Mash’al” - “Lokomotiv” (19:15), “Surxon” - “Neftchi” (19:15), 6-mart sanasida “Bunyodkor” - “Dinamo”(19:00), “So‘g‘diyona” - “Nasaf” (19:15) va “Xorazm” – OKMK (19:30) jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvlarga guvoh bo‘lamiz.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA