Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Superliga o‘yinlari qizg‘in davom etmoqda
16:03 / 2023-08-11

O‘zbekiston Superligasi 16-turining dastlabki kunida Namanganda “Navbahor” “Paxtakor” klubini qabul qildi va 1:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi.

Musobaqa chempionligiga o‘z o‘zidan tasir etuvchi ushbu bahsning 30-daqiqasida “Paxtakor” himoyachisi Hojiakbar Alijonovning uzatmasidan so‘ng Dragan Cheran boshi bilan aniq zarba yo‘llab hisobni ochgan bo‘lsa, 44-daqiqada Muhammadqodir Hamraliyev boshi bilan darvozani yana bir bor ishg‘ol qildi. Ikkinchi bo‘limning 68-daqiqasida Toma Tabatadze raqib posbonidan qaytgan to‘pni darvozaga aniq yo‘llab, hisobni qisqartirdi. Keyinchalik jamoalarda yana vaziyatlar bo‘ldi, biroq hisob o‘zgarmadi.  

Shu tariqa, “Paxtakor” muhim uch ochkoga ega bo‘lib, turnir jadvalida 34 ochko jamg‘argan holda birinchi pog‘onaga ko‘tarildi. Ma’lumot uchun, O‘zPFL matbuot xizmati bergan xabarga ko‘ra, ushbu o‘yinni tomosha qilish uchun 25260 nafar muxlis bevosita stadionga tashrif buyurgan. Bu ko‘rsatkich muxlislar tashrifi bo‘yicha hozirga qadar qayd etilgan eng yaxshi natija hisoblanadi.  

Qarshida o‘tgan “Nasaf” va “Buxoro” o‘yinida mezbonlar 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. O‘yindagi yagona golni Alibek Davronov kiritdi. U burchak zarbasidan so‘ng boshi bilan to‘pni darvozaga joylab qo‘ydi. “Nasaf” bu g‘alabadan so‘ng 28 ochko bilan 4-o‘rindan joy oldi.  

Bugun, 11 avgust kuni 16-tur o‘yinlari davom ettiriladi. Toshkentda “Olimpik” klubi “OKMK” bilan kuch sinashsa, ikkinchi uchrashuv Farg‘onada o‘tkaziladi. Unda “Neftchi” o‘z maydonida “So‘g‘diyona”ni mehmon qiladi. Har ikkala bahs ham soat 20:00 da boshlanadi.  

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA