Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 15-turi o‘z yakuniga yetdi. Ushbu turning so‘nggi ikki uchrashuvi Toshkentda bo‘lib o‘tdi.
Poytaxtimizning “Olimpik” jamoasi “Jar” stadionida “So‘g‘diyona”ni qabul qildi. Uchrashuv 3:3 hisobidagi durang bilan yakunlandi. O‘yinning 8-daqiqasida mehmonlar penaltidan gol urib, oldinga chiqib oldi. U golga Javohir Qahramonov mualliflik qildi. 23-daqiqada esa Temur Mamasidiqov himoyachining xatosidan foydalanib, hisobni tenglashtirdi. Oradan besh daqiqa o‘tib mezbonlar vakili Jasur Jaloliddinov penaltidan raqib darvozasini ishg‘ol qildi va jamoasini oldinga olib chiqdi. Birinchi taym so‘ngida Zenan Zaymovich darvozaga to‘pni aniq yo‘llab, muvozanatni tikladi.

O‘yning 76-daqiqasida “Jar” stadionida chiroqlar o‘chib qoldi. Shu sabab ikkinchi bo‘libga hakamlar 15 daqiqa qo‘shib berdi. Bahsning 90+5 daqiqasida Samandar Mavlonqulov raqib himoyachilarining xatosidan foydalanib “So‘g‘diyona”ni hisobda oldinga olib chiqishiga qaramasdan, Asadbek Jo‘raboyev 90+8 daqiqada raqib darvozasini aniq nishonga oldi va hisob 3:3 ko‘rinishini oldi.
“Bunyodkor” va “OKMK” bahsi esa kichik 1:1 hisobida durang bilan yakunlandi. Unda Siyavash Xaqnazariy aniq zarba yo‘llab, hisobni ochgan bo‘lsa, uchrashuvning so‘nggi pallasida Suhrob Izzatov hisobni tenglashtirdi. Shu tariqa, poytaxtimizda o‘tgan turning ikki o‘yini ham durang bilan yakunlandi.

Mazkur turning yakuniga ko‘ra, “Navbahor” jamoasi 33 ochko bilan turnir peshqadamiga aylangan bo‘lsa, “Neftchi” va “Paxtakor” 31 ochko to‘plab, jadvalning ikkinchi hamda uchinchi o‘rnidan joy oldi. Biroq “Paxtakor” klubi hisobida bir o‘yin kamligi bois Superligada chempion bo‘lish imkoniyati hamon yuqori bo‘lib turibdi.

Superliga to‘purarlari bahsida Dragan Cheran (Serbiya) 10 ta gol urgan holda karvonboshilik qilmoqda. Uni Rubin Xebay 9ta gol bilan ta’qib etayotgan bo‘lsa, Zenan Zaymovich (Bosniya va Gersegovina) 8 ta gol urgan holda jadvalning uchinchi pog‘onasida bormoqda.
Musobaqaning 16-turi joriy yilning 10-15 avgust kunlari o‘tishi kutilmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA muxbiri