Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 7-turi ham o‘z nihoyasiga yetdi. Turning so‘nggi ikki uchrashuvi «Surxon» — «Dinamo» va «Nasaf» – «Bunyodkor» klublari o‘rtasida bo‘lib o‘tdi.
Toshkentda o‘tkazilgan «Surxon» va «Dinamo» uchrashuvi 1:1 hisobida yakunlandi. O‘yinning 49-daqiqasida mezbonlar futbolchisi Ulug‘bek Hoshimov hisobni ochgan bo‘lsa, 90+11-daqiqada Anvarjon Hojimirzayev penaltidan gol urib, muvozanatni tikladi. Qarshida esa «Nasaf» hamda «Bunyodkor» bahsida hisob ochilmadi.

Shu tariqa, 7-tur uchrashuvlari yakunlandi va milliy chempionatimizning 8-turi oldidan «Navbahor», «Andijon» va «Nasaf» jamoalari bir xil – 12 ochko to‘plagan holda jadvalni boshqarmoqda. Biroq «Navbahor», «Nasaf» bitta o‘yin kam o‘tkazgan holda mazkur natijani qayd etayotir. «Neftchi» va «So‘g‘diyona» klublari 11 ochko jamg‘arib, 4 hamda 5-o‘rindan joy olgan.

Shuningdek, «Paxtakor» 10, «Qizilqum» 9, «OKMK», «Lokomotiv» va «Surxon» ham bir xil – 8 ochko jamg‘argan holda kuchli o‘nlikka joylashdi. Quyi pog‘onalarda «Dinamo» 5, «Olimpik» 4 ochko bilan, «Metallurg» hamda «Bunyodkor» esa 3 ochko bilan bormoqda.

Hozirda Superliga bahslarida Toma Tabatadze — 7 ta gol urgan holda to‘purarlar jadvalini boshqarib borayotgan bo‘lsa, Shohrux Abdurahmonov va Zoran Marushich 4 tadan gol bilan uni ta’qib etib turibdi.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Superligasi bahslarining 8-turi 18-21 may kunlari bo‘lib o‘tadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA