Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 29-turini “Sho‘rtan” – “Buxoro” jamoalari o‘rtasidagi o‘yin boshlab berdi.
Mazkur o‘yinning 58-daqiqasida Frane Ikich burchak zarbasidan so‘ng hisobni ochgan bo‘lsa, 65-daqiqada Po‘latxo‘ja Xoldorxonov gol urib, oradagi farqni yo‘qqa chiqardi. Shu tariqa ushbu jamoalar bahsi 1:1 hisobida yakunlandi.
Superliganing 20 noyabr kunidan o‘rin olgan “Surxon” va OKMK klublari bahsi soat 16:00 da boshlanadi. Shuningdek, poytaxtimizda soat 18:15 da turning markaziy o‘yini - “Paxtakor” – “Nasaf” uchrashuvi start oladi.

Shu o‘rinda mazkur o‘yin haqida to‘xtalib o‘tishni lozim topdik. Sababi, ushbu jamoalar o‘rtasidagi o‘yin natijasi ikkinchi o‘rin masalasini hal qiladi. Gap shundaki, hozirda “Nasaf” 58 ochko bilan ikkinchi o‘rinda borayotgan bo‘lsa, “Paxtakor” 56 ochko bilan to‘rtinchi o‘rinda turibdi. “Paxtakor” va “Nasaf”ga bo‘lajak o‘yinda g‘alaba suv va havodek zarur.

Agarda poytaxt klubi mazkur o‘yinda zafar quchsa, ochkolarini 59 taga yetkazib, ikkinchi pog‘onaga ko‘tarilib oladi. Qarshi shahri jamoasi esa chempionlik hamda kuchli uchlikdan chetda qoladi va ayni damda 61 ochko bilan milliy chempionatimiz peshqadami bo‘lib turgan “Neftchi”ning muddatidan oldin chempion bo‘lishini ta’minlaydi.

Bellashuvlar tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, chempionatlarda jamoalar jami 57 marta o‘zaro bahs olib borgan. Ularning 30 tasida “Paxtakor” zafar quchgan bo‘lsa, 15 bellashuvda durang natija qayd etilgan. Qarshiliklar esa 12 o‘yinda g‘alaba qozongan. Poytaxtning bosh jamoasi raqib darvozasini 81 bor ishg‘ol qilgan bo‘lsa, 51 gol o‘tkazib yuborgan.
Ma’lumot o‘rnida: Superliganing 29-turida 21 noyabr kuni “Mash’al” – “Navbahor”, “Dinamo” – “Qo‘qon-1912”, “Andijon” - “Xorazm”, 22 noyabr sanasida “So‘g‘diyona” – “Bunyodkor”, “Neftchi” – “Qizilqum” uchrashuvlari o‘tkaziladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA