Bugun, 11 sentyabr kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 21-turi doirasida “Mash’al” — “Sho‘rtan” bahsi bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv G‘uzordagi “Markaziy” stadionida soat 18:30 da boshlanadi.
Klublar bugunga qadar jami 23 marta to‘qnash kelgan. Ushbu o‘yinlarda “Mash’al” 14 marotaba g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, bitta o‘yinda durangga imzo chekkan. “Sho‘rtan” esa 8 ta o‘yinni o‘z foydasiga hal qilgan. To‘plar nisbati 39/19 - “Mash’al” jamoasi foydasiga. “Mash’al” klubining o‘zaro o‘yinlardagi eng yirik g‘alabasi 5:0, “Sho‘rtan” jamoasi esa 3:1 hisobida zafar quchgan.

Ayni damda “Mash’al” 18 ochko bilan 13-o‘rinda borayotgan bo‘lsa, “Sho‘rtan” 11 ochko bilan 16-pog‘onadan joy olgan.
Bugungi o‘yinni Firdavs Norsafarov boshqarib boradi. Unga qanotlarda Artyom Kalinin va Elnur Doniyorovlar yordam beradi. Zaxira hakami etib Roman Irgashev tayinlangan bo‘lsa, Viktor Serazitdinov hakamlarni nazorat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, Superliganing 21-turini boshlab bergan ilk uchrashuvda “Nasaf” 5:0 hisobida “Buxoro” klubini taslim etib, muhim 3 ochkoni qo‘lga kiritdi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA