Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Superliga: joriy yilgi mavsum yakunlandi
17:35 / 2023-12-02

Kuni kecha mamlakatimizning 7 ta shahrida futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati superligasining so‘nggi 26-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tib, mavsum yakunlanishi sharafiga davlat madhiyasi yangradi.

Ushbu turda Jizzaxning“So‘g‘diyona” klubi Termizning “Surxon” jamoasini qabul qildi. Birinchi bo‘lim maydon egalarining ustunligida o‘tdi. 2-davraning boshlarida to‘pig‘idan jarohat olib, jamoasiga yordam bera olmay kelayotgan “So‘g‘diyona”ning Bolqon yarim orolilik legioneri Zinan Zaymovich o‘rnida harakat qilib kelayotgan “So‘g‘diyona”ning yosh hujumchisi Samandarjon Mavlonqulov mehmonlar darvozasini ishg‘ol ham etdi, ammo o‘yindan tashqari holatda bo‘lganligi sabab hakamlar uning kiritgan golini inobatga olmadi.

O‘yinning 2-bo‘limida mezbonlar bosimni yanada oshirdi, termizliklar esa qarshi hujumda harakat qilib, uchrashuvining 52-daqiqasida Sunnatilloh Hamidjonov hisobni ochdi va mehmonlarni oldinga olib chiqdi – 0:1.

Tarkibi asosan yoshlardan tashkil topgan “So‘g‘diyona” futbolchilari o‘z muxlislari oldida mavsumning so‘nggi bahsini mag‘lub bo‘lib yakunlashni istamay yanada hujumlar sonini oshirdi va ko‘pchilik bo‘lib raqib jarima maydonchasiga o‘tdi. “Surxon”ning tezkor qarshi hujumlari esa yanada xavfliroq ko‘rinish oldi.  

“So‘g‘diyona” bosh murabbiyi Ivan Boshkovichning Qarshida “Nasaf” bilan o‘tgan (0:0) uchrashuvda hakam tomonidan chetlatilganligi sababli jamoasiga yaqindan yordam bera olmagani va o‘yinni tribunadan kuzatgani bir tomondan jizzaxliklarga pand bergan bo‘lsa, boshqa tomondan “Surxon” bosh murabbiyi Sergey Arslonovning taktikani to‘g‘ri tanlagani mehmonlarga ish berdi. Ana shunday tezkor hujumlarning birida “Surxon” legioneri Silvanus Nimeli o‘yinning 77-daqiqasida hisobni yana bittaga oshirdi – 0:2. Ana shu gol joriy mavsumda ajoyib o‘yin ko‘rsatib, 6-o‘rinni egallagan Surxondaryo viloyati futbolchilariga  g‘alaba  keltirdi.

O‘yindan so‘ng mezbonlar murabbiyi Rade Petrovich matbuot anjumanida ishtirok etib, “...“Surxon” juda yaxshi jamoa. Ular ikkita vaziyatdan ikkita gol urib ketishni uddalashdi. Bugun “So‘g‘diyona” tarkibida qator yosh futbolchilar harakat qildi.Ta’kidlash joiz, jamoamizning ayrim a’zolari superligada debyut mavsumini o‘tkazdi. Kelgusi yilgi mavsumga yaxshi tayyorgarlik ko‘ramiz, yanada kuchli va raqobatbardosh jamoani shakllantirish ustida ishlaymiz” dedi.

Joriy yilgi futbol chempionatining so‘nggi 26-turining qolgan uchrashuvlarida quyidagi natijalar qayd etildi: “Paxtakor” (Toshkent) – “Bunyodkor” (Toshkent) – 2:3, “OKMK” (Olmaliq) – “Nasaf” (Qarshi) – 1:1, “Navbahor” (Namangan) – “Neftchi” (Farg‘ona) – 1:1, “Andijon” (Andijon) – “Buxoro” (Buxoro) – 1:0, “Metallurg” (Bekobod) – “Olimpik” (Toshkent) – 2:1, “Qizilqum” (Navoiy) – “Turon” (Yaypan) – 1:0.

Bu yilgi chempionatda poytaxtning “Paxtakor” jamoasi birinchi o‘rinni egallab, O‘zbekistonning 16 karra chempioni bo‘lgan bo‘lsa, 2-o‘rin sohibi bo‘lgan Qarshining “Nasaf” klubi kumush, 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan Namanganning “Navbahor” jamoasi esa bronza medallarini qo‘lga kiritdi.

Superligani 13-o‘rindagi Yaypanning “Turon” va 14-pog‘onada qolib ketgan Buxoroning “Buxoro” klublari tark etadi. Ularning o‘rnini proligada 1 va 2-o‘rinlarni egallagan Toshkentning “Lokomotiv” hamda Samarqandning “Dinamo” jamoalari egallab, kelgusi yilgi superliga bahslarida ishtirok etadi. Superligada 12-o‘rin sohibi bo‘lgan Navoiyning “Qizilqum” jamoasi esa proligada 3-natijani ko‘rsatgan Qo‘qonning “Qo‘qon – 1912” jamoasi bilan bir martalik pley-off (o‘tish) o‘yinida ishtirok etadi va g‘olib kelgusi yil kuchlilar safida to‘p suradi.

A.Qayumov, 
O‘zA muxbiri.