Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 19-turida "Navbahor" — "Neftchi", "Dinamo" — OKMK, "Nasaf" — "Sho‘rtan" jamoalari o‘zaro raqobatlashdi.
Namangandagi “Markaziy” stadionida o‘tgan "Navbahor" — "Neftchi" jamoalari bahsi 0:1 hisobida o‘z yakuniga yetdi. O‘yindagi yagona golga 33-daqiqada Ikrom Aliboyev mualliflik qildi. Shu tariqa, vodiy derbisida g‘alaba qozongan "Neftchi" muhim ochkolari sonini 39 taga yetkazib oldi. “Navbahor” esa 31 ochko bilan qoldi.

Samarqand shahridagi "Dinamo" stanionida o‘tgan o‘yinda mezbonlar OKMK klubini 1:0 hisobida taslim etdi. Ushbu uchrashuvda Anvarjon Hojimirzayev gol urib o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi. Mazkur g‘alabadan so‘ng "Dinamo" hisobidagi ochkolar soni 37 taga yetdi va uchinchi pog‘onaga ko‘tarilib olgan bo‘lsa, OKMK klubining 34 ochko bilan 4-o‘ringa tushib ketdi.

O‘zbekiston Superligasi amaldagi g‘olibi "Nasaf" o‘z maydonida "Sho‘rtan"ni Sharof Muhiddinov hamda Sharzod Nasrullayev tomonidan kiritilgan gollar evaziga 2:0 hisobida taslim etdi. Natijada, Qarshi shahrining bosh jamoasi 40 ochko bilan turnir jadvalida yaqqol peshqadamga aylanib oldi.
Bugun, milliy chempionatimizning 19-tur doirasida "Qo‘qon-1912" — "Surxon", "Mash’al" — "Andijon", "Bunyodkor" — "Buxoro" jamoalari o‘zaro to‘qnashadi. Ertaga 18 avgust kuni esa "Xorazm" — "Qizilqum" o‘yinidan keyin tur yakunlanadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA