Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Superliga: “Bunyodkor” uyiga qaytdi, “Navbahor” esa yana yutqazdi...
12:21 / 2019-08-27

Dushanbaga belgilangan ikkita uchrashuv murosasizligi bilan ajralib turgan bo‘lsa-da, sermahsullik borasida ancha oqsadi.


Kecha O‘zbekiston superligasida 18-tur o‘yinlari start oldi. Dushanbaga belgilangan ikkita uchrashuv murosasizligi bilan ajralib turgan bo‘lsa-da, sermahsullik borasida ancha oqsadi.

Ushbu turda e’tiborga molik voqea sodir bo‘ldi. Nihoyat Toshkentning “Bunyodkor” klubi o‘z uyiga qaytdi. Butun 1-davra va hattoki 2-davraning dastlabki o‘yinlarini xoh u, xoh bu stadionda o‘tkazishgan “qaldirg‘ochlar” kecha maydon maysasi butunlay yangilangan “Milliy” stadionida hamshaharlari “Lokomotiv”ni qabul qildi.

Fut-Bun-Loko (1).jpg

Azaldan bu jamoalar o‘rtasidagi o‘yinlar keskin va murosasiz kurashlar ostida o‘tib keladi, ya’ni “derbi” maqomini oqlaydi. Bu holat Abramov “Bunyodkor” boshqaruvini o‘z qo‘liga olgach yanada kuchaydi, deyish mumkin. Vadim Karlenovichda “Lokomotiv”ga nisbatan qandaydir xusumat bor degan fikrdan mutlaqo yiroqmiz, biroq inson tabiatiga xos jihat, futbolchi yoki murabbiy o‘zining sobiq klubiga qarshi maydonga tushganda nimalarga qodir ekanini ko‘rsatib qo‘yishga harakat qiladi.

Fut-Bun-Loko (2).jpg

1-davrada anchayin kamtarin tarkibi bilan ham Abramov “Lokomotiv” maydonidan ochko bilan qaytgandi. Davralar oralig‘ida tarkibini sezilarli darajada kuchaytirishga erishgan “Bunyodkor” bu safar ham temiryo‘lchilarga yutqazmadi. Garchi o‘yinda hisobni ochish mehmonlarga nasib etgan bo‘lsa-da, “qaldirg‘ochlar” ikkinchi bo‘limda mag‘lubiyatdan qutilib qolishdi. Bu natija poytaxt klublaridan ko‘ra ko‘proq “Nasaf” foydasiga xizmat qiladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Fut-Bun-Loko (4).jpg

“Navbahor” esa Andrey Kanchelskisni iste’foga chiqarib xato qilgani oydinlashib qoldi. Negaki Deyan Jurjevich boshqaruvida “lochinlar” o‘z o‘yinini topisholmayapti. Kecha ular yana mag‘lubiyat alamini tortib ko‘rishdi. Bu safar “Navbahor” safarda “Metallurg”ga imkoniyatni boy berishdi. Uchrashuv taqdirini o‘yin oxirlarida Muzaffarjon Muzaffarov tomonidan kiritilgan yagona gol hal qildi. Ushbu mag‘lubiyat namanganliklarning sovrinli o‘rinlar uchun kurashish imkoniyatini sezilarli darajada pasaytirib yubordi. Ehtimolki Bekoboddagi o‘yin jamoa bosh murabbiyi Deyan Jurjevich uchun “Navbahor” boshqaruvidagi so‘nggisi bo‘lib qolar.

Fut-Bun-Loko (8).jpg

Bugun O‘zbekiston superligasi 18-tur o‘yinlari doirasida yana to‘rtta uchrashuv bo‘lib o‘tadi. 2-davrada g‘alaba nimaligini bilmay kelayotgan “Dinamo” o‘z maydonida “Buxoro”ni qabul qilsa, asta-sekin mavqeini tiklab borayotgan “Qo‘qon-1912” jamoasi esa o‘z uyida “Nasaf”ni imtihondan o‘tkazadi. Shuningdek, bugun ishqibozlar “Paxtakor” – “Andijon” hamda “So‘g‘diyona” – AGMK to‘qnashuviga guvoh bo‘lishadi. Tur o‘yinlari ertaga “Surxon” – “Qizilqum” jamoalari uchrashuvi bilan yakunlanadi.