Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Superliga: Bugun Toshkentda “yil o‘yini” o‘tkaziladi
10:03 / 2023-11-03

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasi 24-turi kutilmagan natijalarga boy o‘tmoqda. “OKMK” va “Turon” bahsida 2:1 hisobi qayd etildi.

Uchrashuvning 6-daqiqasida Rustamxon Azimov hisobni ochgan bo‘lsa, 38-daqiqada Xurshid G‘iyosov 11 metrlik jarima to‘pini aniq bajardi va hisobni tenglashtirdi. Birinchi bo‘limning 45+2 daqiqasida Murat Ermatov hisobni 2:1 ko‘rinishiga olib keldi. Mazkur g‘alabadan so‘ng “OKMK” hisobidagi ochkolari sonini 42 taga yetkazib oldi.  

Navoiy shahridagi “Yoshlik” sport majmuasida o‘tkazilgan “Qizilqum” – “Andijon” bahsi yirik 3:0 hisobida yakunlandi. Ushbu o‘yinda Akaki Shulaya birinchi bo‘lib gol urgan bo‘lsa, Muhammadali G‘iyosov raqib darvozasini ikki marotaba ishg‘ol etdi.  

Bugun 24-turning markaziy uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Unda “Paxtakor” va “Nasaf” o‘zaro to‘qnashadi. Shuningdek, Farg‘onada “Neftchi” Toshkentning “Olimpik” jamoasini  qabul qiladi. Har ikki uchrashuv ham soat 18:15 da boshlanadi.    

Mazkur uchrashuvlarda, albatta bor e’tibor Toshkentda o‘tadigan “Paxtakor” hamda “Nasaf” o‘rtasidagi o‘yinga qaratilishi shubhasiz. Mazkur “yil o‘yini”da Superliga g‘olibini aniqlash mumkin bo‘ladi.  

Avvalo turnir jadvaliga e’tibor qaratsak. Hozirda “Paxtakor” 49 ochko bilan birinchi, “Nasaf” esa 45 ochko bilan ikkinchi pog‘onada bormoqda. O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, mazkur bahsda poytaxt jamoasi g‘alaba qozonsa, ochkolardagi tafovut 7 taga yetadi va chempion bo‘lishi deyarli hal bo‘ladi. Biroq o‘yin Qarshi klubi tomoniga hal bo‘lsa, ochkolar farqi bitta bo‘lib qoladi va “Nasaf” chempionlik uchun kurashni davom ettiradi. Hatto durang ham “Paxtakor” foydasiga ishlaydi.  

Bugungi uchrashuvdan so‘ng har ikki jamoa oldida ikki o‘yin qoladi. “Paxtakor” 25-turda “Surxon” bilan safarda, 26-turda esa o‘z maydonida “Bunyodkor” bilan o‘yin o‘tkazadi. “Nasaf” esa dastlab “So‘g‘diyona”ni qabul qilsa, so‘nggi turda “OKMK” mehmoni bo‘ladi. Biroq, “Nasaf” ushbu o‘yinlar oralig‘ida Osiyo chempionlar ligasida “Sharja”ni o‘z uyida qabul qiladi va oradan 6 kun o‘tib O‘zbekiston kubogi finalida maydonga chiqadi. “Sherlar” esa safarda OCHL doirasida “Ahal” bilan raqobatlashadi. Bu degani oldindagi o‘yinlar qarshiliklar uchun og‘irroq o‘tadi. 

“Paxtakor” va “Nasaf” shu kunga qadar jami 53 marta o‘zaro raqobatlashgan. Ularning 30 tasida “Paxtakor” zafar quchgan bo‘lsa, “Nasaf” 11 o‘yinda g‘alaba qozongan. 12 bellashuv durang bilan yakunlangan. O‘zaro o‘yinlarda poytaxt jamoasi 78 ta gol urib, o‘z darvozasidan 47 marta to‘p olib chiqqan. Bugungi o‘yinda garchi “Paxtakor” jadvalda peshqadam bo‘lsa-da, ammo “Nasaf”ning imkoniyatlari yuqori. Sababi “Paxtakor” so‘nggi to‘rt o‘yinda “Nasaf”ni mag‘lub eta olmayapti. Bu yilgi mavsumda jamoalar ikki marotaba maydonga tushdi. Unda “Nasaf” O‘zbekiston Superkubogida 2:1 hisobida zafar quchgan bo‘lsa, chempionat doirasida Qarshida kechgan o‘yinda 0:0 hisobida duran o‘ynadi.  

Qisqa qilib aytganda, "yil o‘yini" deya e’tirof etilayotgan “Paxtakor” va “Nasaf” klublari bahsida har ikki jamoa g‘alaba va chempionlik unvoniga munosibdir. Bugungi o‘yin shiddatli o‘tishi shubhasiz.  

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA