Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 21-tur uchrashuvlarini "Nasaf" — "Buxoro" o‘rtasidagi o‘yin boshlab beradi. Qarshi shahridagi “Markaziy” stadionida o‘tadigan ushbu to‘qnashuv soat 19:00 da start oladi.
Shu o‘rinda, mazkur jamoalarning o‘zaro o‘yinlari statistikasini e’tiboringizga havola etishni lozim topdik. Klublar bugunga qadar milliy chempionatimiz doirasida 49 marotaba raqobatlashgan. Unda “Nasaf” 26 marotaba g‘alaba qozongan bo‘lsa, 11 ta o‘yinda durang qayd etilgan. “Buxoro” esa 12 marta zafar quchgan. Bu yilgi Superliga bahslarining birinchi davrasida “Nasaf” safarda “Buxoro”ni 3:1 hisobida taslim etgan.

Ayni damda “Nasaf” 43 ochko bilan musobaqa jadvalida peshqadamlik qilayotgan bo‘lsa, “Buxoro” 17 ochko bilan 15-o‘rinda bormoqda.
Shuningdek, Superliganing 21-turi doirasida 11 sentyabr kuni G‘uzordagi “Markaziy” stadionda "Mash’al" — "Sho‘rtan" bahsi bo‘lib o‘tadi. 12 sentyabr kuni "Navbahor" — "Surxon", "So‘g‘diyona" — OKMK, 13 sentyabrda "Paxtakor" — "Neftchi", "Qo‘qon-1912" — "Qizilqum", 14 sentyabr kuni esa "Bunyodkor" — "Xorazm" o‘rtasidagi o‘yin o‘tkaziladi. Turni 15 sentyabr kunidan o‘rin olgan "Dinamo" — "Andijon" uchrashuvi yakunlab beradi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA