Superliga: Bugun 25-tur start oladi
FIFA kunlari munosabati bilan futbol bo‘yicha milliy chempionatimizda qariyb ikki haftalik tanaffus e’lon qilingan edi. Nihoyat bugun O‘zbekiston Superligasi start oladi.
Musobaqaning 25-turini «Nasaf» va «Qo‘qon-1912» jamoalari to‘qnashuvi boshlab beradi. Ushbu o‘yin Qarshi shahridagi «Markaziy» stadionida soat 19:30 da tashkil etiladi. Shuningdek, Superliganing mazkur turida 17 oktyabr kuni «Mash’al» – «Xorazm», «Andijon» – «Sho‘rtan», «So‘g‘diyona» – «Surxon», 18 oktyabrda «Navbahor» – «Bunyodkor», «Dinamo» – «Buxoro», 19 oktyabr sanasida «Paxtakor» – «Qizilqum», «Neftchi» – OKMK klublari o‘zaro kuch sinashadi.
Eslatib o‘tamiz, milliy chempionatimizning 24-tur yakunlariga ko‘ra, «Nasaf» 53 ochko bilan peshqadamligini saqlab turgan bo‘lsa, «Neftchi» 51 ochko to‘plab ikkinchi, «Paxtakor» esa 46 ochko jamg‘arib, uchinchi o‘rinda bormoqda.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA