Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasi FIFA kunlari sabab 12 kunlik tanaffusdan so‘ng boshlamoqda. Ertaga, 14 iyun kuni milliy chempionatimizning 11-turiga start beriladi va bu tur 17 iyunga qadar davom etadi.
Bugun musobaqaning 6-turida qoldirilgan uchrashuvi o‘tkaziladi. Unda «Dinamo» o‘z maydonida «Olimpik»ni qabul qiladi. Uchrashuv Jizzaxdagi «So‘g‘diyona" markaziy stadionida soat 20:00 da boshlanadi.
Mazkur qoldirilgan o‘yin natijasi garchi chempionat peshqadamligiga ta’sir etmasada, ikki jamoa uchun Superliga jadvalidagi o‘z o‘rinlarini yanada yaxshilab olishiga imkon yaratadi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, musobaqa jadvalida 10-tur yakuniga ko‘ra, «Nasaf» 19 ochko bilan jadvalni boshqarayotgan bo‘lsa, «Navbahor», «OKMK», «Neftchi» 17 ochko bilan keyingi o‘rinlardan joy oldi. «Paxtakor» 15 ochko jamg‘arib, 5-o‘ringa ko‘tarildi. «Andijon» va «So‘g‘diyona» 14, «Surxon» 12, «Dinamo» hamda «Qizilqum» bir xil – 10 ochko jamg‘argan holda kuchli o‘nlikdan o‘rin egalladi. «Olimpik» va «Lokomotiv» jamoasi 9 ochko bilan 11-12-o‘rinda borayotgan bo‘lsa, «Bunyodkor» 6, «Metallurg» esa 5 ochko bilan quyi pog‘onalarda bormoqda.

Agarda bu o‘yinda «Olimpik» g‘alaba qozonsa, «Dinamo» va «Qizilqum»dan ilgarilab ketadi, «Surxon» klubi bilan bir xil – 12 ochko jamg‘argan holda 8-9-o‘rindan joy oladi. Aksincha, «Dinamo» klubi g‘olib bo‘lsa, 13 ochko jamg‘argan holda 8 o‘ringa chiqadi. Faqatgina ushbu jamoalar bahsida durang qayd etilsa, «Dinamo» 11 ochko bilan 9-pog‘onani mustahkamlaydi, «Olimpik» esa «Qizilqum»ga ochkolar bo‘yicha yetib oladi.
Milliy chempionatimizning 11-tur uchrashuvlari esa 14 iyun kuni «Metallurg» – «Bunyodkor» klublari o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. 15 iyun kuni «Neftchi» – «Surxon», «Qizilqum» – «Andijon» qarama-qarshiligiga guvoh bo‘lamiz. 16 iyun kuni «So‘g‘diyona» o‘z maydonida «Nasaf»ni qabul qilsa, «Paxtakor» Toshkentda «Navbahor»ni mehmon qiladi. Turning so‘nggi uchrashuvlari 17 iyun kuni «Lokomotiv» – «Dinamo», «Olimpik» – «OKMK» klublari o‘rtasida kechadi.

Superliga 11-tur bahslarining boshlanish vaqti barcha o‘yinlarda soat 20:00 etib belgilandi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA