Bugun, 27-noyabr kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining joriy yilgi mavsumi start oladi va “Buxoro” – “Qo‘qon-1912”, “Andijon” –“So‘g‘diyona”, “Paxtakor” – “Qizilqum” jamoalari ilk kungi bahslarda raqobatlashadi.
Shu o‘rinda mamlakatimizda yangi futbol mavsumini ochib beruvchi ilk o‘yin “Buxoro” va “Qo‘qon-1912” jamoalarining o‘zaro o‘yinlar tarixiga nazar tashlasak, jamoalar milliy chempionatimizda bugunga qadar 31 marotaba to‘qnash kelgan va ulardan 16 tasida buxoroliklar zafar quchib, 4 ta o‘yinda durang qayd etgan, raqiblariga 14 marotaba imkoniyatni boy berib qo‘ygan. Ushbu klublarning o‘zaro 32 uchrashuvi soat 18:00 da boshlanadi.

Turning ikkinchi o‘yinida tarkibini nomdor o‘yinchilar bilan kuchaytirgan “Andijon” soat 18:45 da “Bobur arena” stadionida Jizzaxning “So‘g‘diyona” jamoasiga qarshi bahs olib boradi. Klublar chempionat doirasida shu kunga qadar 50-marta to‘qnash kelgan. Ularning 17 tasida “Andijon” g‘alaba qozongan bo‘lsa, 20 uchrashuvda “So‘g‘diyona” zafar quchgan. Qolgan 13 bahs durang bilan yakunlangan. To‘plar nisbati 68/71 — “So‘g‘diyona” foydasiga.

O‘tgan mavsumdagi o‘yinlarda Jizzaxdagi bahs 1:0 hisobida mezbonlar g‘alabasi bilan yakunlangan, Andijondagi uchrashuv esa 2:2 hisobida teng natija bilan tugagan. Qayd etish joiz, “Andijon” ushbu raqibini o‘z maydonida so‘nggi bor 2016-yilgi mavsumda 3:0 hisobida mag‘lub etgan.

Bugungi uchrashuvlarning so‘nggisi poytaxtimizdagi “Paxtakor” stadionida soat 19:00 da bo‘lib o‘tadi. Unda "Paxtakor" hamda "Qizilqum" klublari kuch sinashadi.

Darvoqe, mamlakat chempionati doirasida jamoalar 52 uchrashuvda maydonga tushgan bo‘lib, ulardan 43 tasida "Paxtakor" yutgan va 7 bor durang o‘ynagan hamda 2-marta imkoniyatni boy berib qo‘ygan. Toshkentning bosh jamoasi "Qizilqum" darvozasiga 143 gol urilib, 32 to‘p o‘tkazgan. O‘z maydonida "Paxtakor" 9 bor ushbu raqibni yirik natija bilan taslim qilgan. 2007-yil Navoiyda o‘tgan bellashuvda "Sherlar" mezbonlar ustidan 11:0 hisobida zafar quchgan.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA