Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Superliga – 2025”: Igor Sergeyev oltin butsaga sazovor bo‘ldi
09:43 / 2025-12-01

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 2025 yilgi mavsumi o‘z yakuniga yetdi. Musobaqaning g‘olib va sovrindorlari, pley-off bosqichiga tushgan va ligani tark etgan jamoalar nomi aniq bo‘ldi.

Jumladan, bu yil o‘zgacha uslub namoyish etgan “Neftchi” jamoasi 64 ochko to‘plagan holda musobaqa g‘olibiga aylangan bo‘lsa, “Paxtakor” 60 ochko jamg‘arib kumush, “Nasaf” esa 59 ochko bilan bronza medaliga ega chiqdi. Bu mavsumda o‘sishga erishgan “Dinamo” 58 ochko to‘plab 4, “Bunyodkor esa 49 ochkoga ega bo‘lib, kuchli beshlikni yakunlab berdi.  

Shuningdek, OKMK 48, “Navbahor” 40, “So‘g‘diyona” 37, “Qizilqum” 36 va “Surxon” 35 ochko jamg‘arib, 6-10-o‘rinlarda qayd etildi. Garchi ochkolari 35 ta bo‘lgan “Andijon” klubi to‘plar nisbatiga ko‘ra, 11-o‘rindan joy oldi. “Qo‘qon-1912” klubi 34 ochko bilan 12-o‘ringa joylashdi.

Superliganing quyi pog‘onalariga “Mash’al” 30, “Buxoro” va "Xorazm" 27 ochko bilan joylashgan bo‘lsa, o‘tgan 30 tur davomida bor-yo‘g‘i 17 ochkoni qo‘lga kiritgan “Sho‘rtan” jamoasi so‘nggi 16-o‘rinda qolgan holda musobaqani tark etdi.

Darvoqe, “Xorazm” , “Buxoro”, “Mash’al” va “Qo‘qon-1912” jamoalari endi Superligada qolish uchun pley-off bahslarida ishtirok etadi.

Aniqrog‘i, 5 dekabr kuni “Qo‘qon-1912” — “Xorazm”, “Mash’al” — “Buxoro” jamoalari pley-offda o‘zaro bahs olib boradi. Ushbu juftlik g‘oliblari milliy chempionatimizda qolsa, mag‘lublar 10 dekabr kuni o‘zaro o‘tish o‘yinida bahslashadi. Bu bellashuvda g‘olib Superliganing yangi mavsumida qatnashadi, yutqazgan klub esa Pro-ligada 2-o‘rinni egallagan “Aral” bilan kuch sinashadi. Agar “Aral” bu o‘yinda g‘alaba qozonsa, Superliga yo‘llanmasiga ega chiqadi.

Shuni ta’kidlab o‘tishimiz lozimki, Superliganing joriy mavsumida “Paxtakor” futbolchisi Igor Sergeyev 29 o‘yinda 20 ta gol urib, musobaqa to‘purari mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA