Bugun, 30 noyabr kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasida joriy yilgi mavsumning so‘nggi o‘yilari bo‘lib o‘tadi. Unda “Qo‘qon-1912” – “So‘g‘diyona”, “Xorazm” – “Neftchi”, “Bunyodkor” – “Andijon”, “Buxoro” – “Surxon” va OKMK – “Mash’al” uchrashuviga guvoh bo‘lamiz. Barcha uchrashuvlar soat 15:00da start oladi.
Ma’lumot uchun, Toshkentdagi “Olimpiya” stadionida o‘tkaziladigan “Bunyodkor” va “Andijon” klublari shu kunga qadar 29 marotaba to‘qnash kelgan. Unda “Bunyodkor” 22, “Andijon”da esa bir marotaba g‘alaba qozongan bo‘lsa, qolgan 6 ta uchrashuvda durang natija qayd etilgan. To‘plar nisbati 57\14 poytaxt klubi foydasiga. Bu yilgi mavsumda Andijonda o‘tkazilgan uchrashuvda mehmonlar 0:2 hisobida ustun kelgan. Ayni damda “Bunyodkor” 49 ochko to‘plab, ligada 5-o‘rindan joy olgan. “Andijon” esa 32 ochko bilan 11-pog‘onadan o‘rin olgan.

“Mash’al” va OKMK jamoalari milliy chempionatimizda jami 23 marta raqobatlashgan bo‘lib, ularda OKMK 9 bora zafar quchgan va 4 ta durang qayd etgan. “Mash’al” esa 10 ta bahsni o‘z foydasiga hal etgan. Hozirda OKMK 45 ochko, “Mash’al” esa 30 ochko bilan liga jadvalining 6-13 o‘rinlarida bormoqda.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA