O‘zbekiston Superligasining 10-tur bahslari kutilmagan natijalar bilan yakunlandi. Turning markaziy uchrashuvlaridan biri Olmaliqda OKMK va “Neftchi” o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. O‘yin 2:2 hisobida durang bilan tugadi. Bu natijadan so‘ng OKMK 23 ochko bilan turnir jadvalida birinchi o‘rinda qolmoqda. “Neftchi” esa 16 ochko bilan 5-o‘ringa ko‘tarildi.
Qo‘qonda “Nasaf” 2:0 hisobida “Qo‘qon-1912” ustidan g‘alaba qozondi. Qarshi shahri bosh jamoasi ochkolarini 22 taga yetkazib, 2-o‘ringa chiqdi. “Qo‘qon-1912” esa 12 ochko bilan 9-pog‘onada qoldi.
Toshkentdagi “Jar” stadionida “Buxoro” va “Dinamo” 2:2 hisobida durang o‘ynadi. “Dinamo” 19 ochko bilan kuchli uchlikni yakunladi. “Buxoro” esa 7 ochko bilan 15-o‘rinda bormoqda.

“Bunyodkor” o‘z maydonida “Navbahor”ga 2:3 hisobida yutqazdi. “Navbahor” 17 ochko bilan 4-o‘ringa ko‘tarilgan bo‘lsa, “Bunyodkor” 16 ochko bilan 6-pog‘onaga tushdi.
“Paxtakor” esa “Qizilqum” maydonida yirik – 3:0 hisobida g‘alaba qozondi. “Sherlar” ochkolarini 15 taga yetkazib, 7-o‘ringa chiqdi. “Qizilqum” 11 ochko bilan 11-o‘ringa tushib ketdi.
Termizda “Surxon” 2:1 hisobida “So‘g‘diyona”ni mag‘lub etdi. Natijada “Surxon” 13 ochko bilan 8-o‘rinni egalladi, “So‘g‘diyona” esa 8 ochko bilan 14-pog‘onada qoldi.

“Xorazm” klubi “Mash’al” ustidan 3:0 hisobida ishonchli g‘alabaga erishdi. Ikkala jamoa ham 11 ochkoga ega bo‘lib, mos ravishda 10 va 12-o‘rinlarda joylashdi.
G‘uzordagi “Markaziy” stadionda “Sho‘rtan” o‘z maydonida “Andijon”ni 1:0 hisobida mag‘lub etdi. Bu g‘alaba jamoaning mavsumdagi ilk zafari bo‘ldi, biroq “Sho‘rtan” hali ham 5 ochko bilan oxirgi – 16-o‘rinda qolmoqda. “Andijon” esa 9 ochko bilan 13-pog‘onaga tushdi.
Shu tariqa, kutilmagan natijalarga boy o‘tgan 10-tur uchrashuvlaridan so‘ng to‘purarlar ro‘yxatida Igor Sergeyev (“Paxatkor”) 8 ta gol bilan karvonboshilik qilayotgan bo‘lsa, Xurshid G‘iyosov (OKMK) 6 ta gol bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda. Lyupcho Doriyev (“So‘g‘diyona”) esa 5 ta gol urib ularni ta’qib qilmoqda.

Superliga bahslarining 11-tur ucharshuvlari 23-26 may kunlari bo‘lib o‘tadi. Unda quyidagi o‘yinlar o‘tkaziladi:
— 23 may: “Nasaf” – OKMK, “Andijon” – “Surxon”;
— 24 may: “So‘g‘diyona” – “Buxoro”, “Neftchi” – “Sho‘rtan” ;
— 25 may: “Navbahor” – “Qo‘qon-1912”, “Paxtakor” – “Xorazm”, “Dinamo” – “Qizilqum”;
— 26 may: “Mash’al” – “Bunyodkor”.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA