Intizorlik bilan kutilgan Superliga yangi mavsumi start oldi va ilk kunda yirik hisob qayd etildi.
Turni ochib bergan uchrashuvda "Buxoro" o‘z maydonida "Qo‘qon-1912"ni 1:0 hisobida taslim etdi. Burchak zarbasidan yo‘llangan uzatmadan so‘ng Sherzod Esanov ikkinchi qavatda g‘olib chiqdi va yangi mavsum Superligada debyut gol muallifi bo‘ldi.
Samvel Babayan boshqaruvidagi "Andijon" esa mavsumni yirik hisobidagi g‘alaba bilan boshladi. "Burgutlar" raqiblari darvozasiga javobsiz to‘rtta gol urdi. Cheran 38 yoshida hamon yuqori sport formada. Legionerlar Chalasan hamda Boake ham raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Bundan tashqari, Xoldorxonov ham chiroyli gol muallifiga aylandi. Ta’kidlash kerak, gollarni urgan futbolchilarning barchasi "Andijon" safiga yangi kelganlar sanaladi. Seleksiya ishlarida faol bo‘lgan "Andijon"ning yangi futbolchilari ilk turda o‘zini oqladi, desak adashmagan bo‘lamiz.
Shuningdek, "Paxtakor" o‘z maydonida "Qizilqum"ni 2:0 hisobida taslim etdi. "Sherlar" hisobni ochishga ancha qiynaldi, biroq Dostonbek Hamdamov zaxiradan maydonga tushishi hamonoq o‘yinda hisobni ochdi. Bellashuv yakuni arafasida Pyotr Parjishek oradagi farqni ikkitaga yetkazib qo‘ydi.
28-fevral kungi o‘yinlarda vodiyning ikki klubi g‘alaba qozondi
O‘z maydonida "Mash’al"ni qabul qilgan "Neftchi" 3:0 hisobida g‘alaba qozondi. Ahamiyatlisi, "Neftchi" ilk ikki golini burchak zarbasidan so‘ng kiritdi. Dastlab, Siger o‘yinda hisobni ochgan bo‘lsa, sal o‘tib jamoaning yangi legioneri Peritsa oradagi farqni ikkitaga yetkazib qo‘ydi. Ikkinchi bo‘limda esa zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Marushich oradagi farqni uchtaga yetkazib qo‘ydi.
Shuningdek, vodiyning boshqa bir klubi "Navbahor" "Dinamo"ni og‘ir kechgan bellashuvda 2:1 hisobida mag‘lub etdi. Garchi, samarqandliklar futbolchisi Firdavs Abdurahmonov hisobni ochgan bo‘lishiga qaramay, Temur Kapadze shogirdlari ikkita gol bilan tezkor javob qaytardi. Ruslanbek Jiyanov penaltidan gol urib, muvozanatni tiklagan bo‘lsa, Zabihillo O‘rinboyev hisobni 2:1 ko‘rinishiga keltirdi. Mana shu hisob uchrashuv yakuniga qadar saqlanib qoldi.
Superligaga qaytgan "Lokomotiv" ham turnirni ishonchli g‘alaba bilan boshladi. "Surxon" bilan kechgan bahsda "temiryo‘lchilar" 3:1 hisobida zafar quchdi. Dastlab, "temiryo‘lchilar" Muhammadali Reimov hamda Quvonchbek Abrayevning gollari evaziga 2:0 hisobida oldinga chiqib oldi. Biroq Chinedu Stefan 69-daqiqada oradagi farqni qisqartirdi. Bellashuvning 80-daqiqasida esa Lazizbek Mirzayev uchinchi golni urib, poytaxt klubining ishonchli g‘alabasini ta’minladi.
Kecha o‘z o‘yinini o‘tkazgan "Nasaf" ham mavsumni g‘alaba bilan boshladi. 90-daqiqada "ajdarlar" legioneri Adenis Shala tomonidan kiritilgan gol "ajdarlar"ga g‘alaba keltirdi. Bundan tashqari, "Bunyodkor" klubi ilk turda OKMK bilan bahs olib borib, 1:0 hisobida zafar quchdi. Narimon Ahmadjonovning pushkasi o‘yinda yagonaligini saqlab qoldi.
Ilk turda eng ko‘p muxlis tashrif buyurgan stadion bu "Bobur Arena" bo‘ldi. "Andijon" - "So‘g‘diyona" bellashuvini stadiondan tomosha qilish uchun 14 ming 180 nafar muxlis tashrif buyurdi. "Dinamo" - "Navbahor" bellashuvini bevosita arenadan ko‘rish uchun esa "Dinamo" stadioniga 9 ming 720 nafar muxlis kelgan. Kuchli uchlikni 72 55 nafar muxlis kelgan "Istiqlol" stadioni band etib turibdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/RI0xs2yfStM" title="Superliga 1-tur o‘yinlari sharhi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Karim Xudoyqulov, O‘zA