Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Super-kontraktga kirgan talabalarning oʻzlashtirishi nega qiyin boʻladi?
17:30 / 2022-09-09

Bugun, 9 sentyabr kuni oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov ishtirokida talabalarni turar-joy bilan ta’minlash, ijara va to‘lov-kontrakt masalalari yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Matbuot anjumanida vazir tibbiyot oliygohlariga kirishda yetarli bilimi bo‘lmasada super-kontrakt to‘lab talaba bo‘layotganlar o‘qishni bitirolmasligi haqidagi fikrlarini bildirdi. U kredit-modul tizimi ta’limdagi korrupsiyani yo‘qota olishini, jamoatchilikdan buning uchun unga bir yil vaqt berishlarini so‘radi.

— Shuning uchun men bugun ota-onalarga murojaat qildimki, bolangiz ertaga o‘qib keta olishiga ishonsangiz, super-kontrakt to‘lang. Kredit modulda avvalgiday telefon qilib, tanish-bilish orqali bolangizni kursdan kursga o‘tkazolmaysiz,— dedi vazir.

Xo‘sh, A.Toshqulov qanday sabablarga asoslanib bunday fikrlarni bildirdi?

Buni Toshkent tibbiyot akademiyasining o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Shuhrat Boymurodov quyidagicha izohladi.

— O‘tgan yilgi va undan oldingi yillardagi tajribalar shuni ko‘rsatyapdiki, super-kontraktda o‘qiyotgan talabalarning biologiya, ximiya fanlaridan umumiy o‘zlashtirishi o‘qishga kirgan talabalarning ballariga nisbatan past bo‘lgan. Super-kontraktga kirganlar boshqa talabalarga nisbatan o‘qishni kech boshlashadi. Shu nuqtai nazardan ularni o‘zlashtirishi qiyin bo‘ladi.

Faqatgina super-kontrakt bilan emas, past ball bilan o‘qishga kirayotgan talabalar haqida ham fikrlarimni bildirib o‘tmoqchiman. Misol uchun, umumiy konkursda 178 ball olgan talaba bilan 78 yoki 65 ball to‘plagan talabaning bilimida juda katta farq bor. Chunki 178 ball to‘plagan talaba 1-kursga kelganda fundamental bilimga ega bo‘ladi. 65-70 ball olgan talabalarni birinchi kursdan o‘zlashtirib ketishlari nihoyatda qiyin. Sababi biologiya, genetika, odam anatomiyasi, botanika kabi fanlarni ayniqsa, ximiyani tibbiyotga tegishli bo‘lgan qismini o‘zlashtira olmagan talabalarning o‘qishni davom ettirib ketishlari oson bo‘lmaydi. Ikkinchi, uchinchi kurslardan esa o‘qishlar yanayam chuqurlashtiriladi.

Albatta, past ball to‘plagan talabalar orasida ham tirishqoq, o‘z ustida ishlaydiganlari ham bor. Afsuski, ular kam sonni tashkil qiladi. Bu yildan kredit-modul tizimiga o‘tildi. Bu modul talabaning o‘z ustida mustaqil ishlashiga undaydigan tizim. Bilimi yoki o‘zlashtirishi past bo‘lgan talabalar oliy ta’lim muassasasida o‘qiyotgan talabalarning umumiy sifat ko‘rsatkichiga ta’sir qiladi. Vaholanki tibbiyot odam organizmi bilan ishlagani uchun bilimi past yoki layoqatsiz talaba bugungi kundagi tibbiyot qo‘ygan talablarga javob berolmaydi. Shu sababli tibbiyot oliygohlarida o‘qiyotgan o‘zlashtirishi past talabalarni boshqa oliygohlarda o‘qiyotgan talabalarga nisbatan chetlashtirish, kursdan-kursga qoldirish yuqori.

Bilimni baholashning shaffof hamda raqamlashtirish tizimida inson faktori aralashmaydi. Talaba o‘zining bilimini sinab, nimalarga qodirligini biladi. Ana o‘shanda bilimi borlar o‘qiydi, bilimi yo‘qlar o‘z-o‘zidan kursdan kursga qolib, qayta o‘qishiga yoki bu sohadan ketishiga to‘g‘ri keladi. Shundagina ta’limda sifatni yaxshilashga erishiladi, — deydi Shuhrat Boymurodov.

Nigora Rahmonova, O‘zA