Mamlakatimizda suv bilan bog‘liq muammolarni hal qilish, iqlim o‘zgarishi sharoitida barqaror rivojlanishni ta’minlashga qaratilgan tizimli ishlar davom etmoqda.
Ayni yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar nafaqat mavjud suv zaxiralaridan samarali foydalanishni, balki qo‘shimcha manbalarni jalb qilishni ham nazarda tutadi.
Bu ustuvor vazifalar Shavkat Mirziyoyevning 2026-yil 16-fevralda qabul qilingan “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari hamda “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonida ham belgilab berildi. Mazkur farmonga muvofiq, mamlakatimizda sun’iy yomg‘ir yog‘dirish texnologiyasini joriy etish bo‘yicha pilot loyiha ishlab chiqiladi.
Mazkur loyihani ishlab chiqishda jahonning bu boradagi yetakchi mamlakatlari sanalgan Fransiya, Xitoy va Saudiya Arabistoni kabi mamlakatlar tajribasi asos qilib olinadi. Joriy yilning 1-martidan start oladigan ushbu tashabbusga Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Fanlar akademiyasi hamda Toshkent viloyati hokimligi mas’ul etib tayinlandi.
Hujjatga ko‘ra, loyiha ishga tushirilgach, yog‘ingarchilik miqdori tabiiy fonga nisbatan 10–20 foizgacha oshishi mumkin.
Farmonda suv resurslaridan oqilona foydalanish va mavjud zaxiralarni tejash masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, uch yil davomida 10 ming kilometr ochiq drenajlarni yopiq tizimga o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Birinchi bosqichda Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro va Xorazm viloyatlaridagi 3 ming kilometr drenaj hamda kollektor tarmoqlari modernizatsiya qilinadi.
Ochiq tizimlardagi suv yo‘qotishlari qishloq xo‘jaligida samaradorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatib kelmoqda. Yopiq tizimga o‘tish esa suvni tejash, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va infratuzilma barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, tajriba tariqasida irrigatsiya kanallarining bir qismini bosimli quvurlarga o‘tkazish rejalashtirilgan.
2026-yil yakuniga qadar Qashqadaryo viloyatidagi kamida 54,1 kilometr tarmoq shisha tolali (stekloplastik) quvurlar asosida to‘liq yopiq tizimga o‘tkaziladi. Bu esa suv yetkazib berish jarayonidagi texnik yo‘qotishlarni kamaytirish imkonini beradi.
Dastur doirasida 504 ming gektar yer maydonida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish belgilangan. Natijada 5 milliard kub metr suvni iqtisod qilish kutilmoqda.
Bundan tashqari, 1300 kilometr kanallar, sug‘orish tarmoqlari va boshqa irrigatsiya ob’ektlari o‘zanlarini betonlash orqali yiliga qo‘shimcha 500 million kub metr suv tejash rejalashtirilgan.
Hududlarda zamonaviy sug‘orish usullari keng joriy etiladi. Jumladan, 75,4 ming gektarda tomchilatib, 97 ming gektarda yomg‘irlatib, 26,2 ming gektarda esa diskret (pulsar) sug‘orish tizimi ishlatilmoqda.
Shuningdek, suvning maydon bo‘ylab bir tekis taqsimlanishini ta’minlash maqsadida 203 ming gektar yerda lazerli tekislash ishlari amalga oshiriladi.
Sun’iy yomg‘ir yog‘dirish texnologiyasi suv tanqisligi sharoitida qo‘shimcha resurs yaratish bo‘yicha muhim qadam. Shuningdek, belgilangan infratuzilmaviy va texnologik chora-tadbirlar suvdan foydalanish samaradorligini oshirib, yo‘qotishlarni kamaytirish va qishloq xo‘jaligi barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Marhabo HOJIAKBAROVA, O‘zA