Qurg‘oqchilik tabiiy ofat sifatida azal-azaldan insoniyatni qiynab keladi. Chunki u o‘z ortidan ocharchilikka, iqtisodiyotning tanazzulga yuz tutishiga sabab bo‘lgan. Yog‘ingarchilikni chaqirish uchun odamlar turli usullarni qo‘llagan, folbinlar, avliyolar, dindorlar hatto tovlamachilar xizmatidan ham foydalanishga majbur bo‘lishgan. Qurg‘oqchilik tufayli butun boshli elatlar o‘zi yashab turgan zaminni tark etib, boshqa notanish mintaqalarga ko‘chib ketishga majbur bo‘lgan. Hozirchi, hozir ahvol qanday?
Moskvada muhim bayramlar arafasida bulutlarni haydashadi, degan gaplarni ko‘p eshitganmiz. Rostdan ham shundaymi yoki yo‘qmi, bunisi noma’lum, chunki osmonda bulutlar o‘zidan o‘zi tarqalib ketsa uni tekshirishning imkoni yo‘q. Biroq, shu narsa aniqki, insoniyat ob-havoga ta’sir qilishni allaqachon o‘rganib olgan va oz bo‘lsada, uni o‘zgartira oladi. Masalan, yomg‘ir yog‘dira oladi yoki yomg‘ir yog‘ishining oldini oladi.
O‘tgan yilning 14 iyunida BAAda davomli jala quyib o‘tdi. Muammo shunda ediki, bu vaqtda mamlakatda 50 darajali harorat hukmronlik qilardi. Qolaversa, yilning ushbu mavsumida odatda mamlakatda yomg‘ir bo‘lmaydi, deydi amirlikning Markaz al-Asifa ob-havo ma’lumotlari beriladigan portalda.
Gap shundaki, Xajar tog‘ yonbag‘ridagi Xatta qishlog‘ida, Vadi al-Xilu, Kalba Roud va Xuvaylat tumanlarida hamda Al-Ayn va poytaxt Abu-Dabi atrofida qurg‘oqchilikni bartaraf qilish uchun sun’iy yomg‘ir chaqirilgan edi. Buning uchun maxsus dronlar orqali osmonni bulutlar bilan qoplash texnologiyasidan foydalanilgan. Ular kimyoviy qo‘shilmalarni ishlatmagan holda elektr zaryadlari yordamida yomg‘ir chaqirgan edi.
Bunday texnologiyalar Dubaydagi SANAD akademiyasi bilan Britaniyaning Reding universiteti olimlari tomonidan hamkorlikda joriy qilinmoqda. Texnologiyani sinab ko‘rish ishlari bahordan boshlab harorat eng yuqoriga chiqqan vaqtda BAAning qurg‘oqchilik eng avjiga chiqqan mintaqalarida amalga oshirildi.
Ob-havoga ta’sir o‘tkazish mumkinmi?
Inson ob-havoni boshqarishda ishlatadigan texnika haqida bir vaqtlar Nikola Tesla aytib ketgan edi. XX asr boshida u “Suv energiyasi quyosh energiyasidan foydalanish uchun eng maqbul vosita”, deb nomlangan maqolasini yozdi. Unda bulutlar energiyasidan foydalanish qayta tiklanadigan energiyaning istiqbolli manbalari hisoblanadi, degan fikr ilgari surilgan. Bundan tashqari, ob-havoga ta’sir o‘tkazish imkoniyati insoniyat uchun ham muhim imkoniyatdir.
Nikola Tesla
“Agar tabiiy jarayonning mazkur qismi odamlar orqali ongli ravishda boshqarilganda edi, u butun yer sharini o‘zgartirib yuborgan bo‘lardi. Shu maqsadga erishish uchun ko‘plab loyihalar taklif qilinmoqda, lekin ularning birortasi ham mening bilishimcha muvaffaqiyatga erishish uchun imkon bermaydi. Lekin mening shu narsaga ishonchim komilki, zarur texnikalar vositasida bunga erishsa bo‘ladi” deydi Nikola Tesla.
Olim muvaffaqiyatga erishtira oladigan texnologiyani bilishini ham aytgandi. Bu yerda gap aynan nima haqda ketayotgani, u qayerda sinovdan o‘tkazilgani noma’lum, kundalik turmushda foydalanilganmi yo‘qmi bunisi ham qorong‘u. Inchunun, Teslaning gaplariga ishonadigan bo‘linsa, ob-havoni nazorat qiladigan texnologiya XX asrda sinab ko‘rilgan.
Ob-havoga ta’sir qilish imkoniyatiga qiziqish tabiat xavfini dolzarb masalaga aylantiradi. So‘nggi yillarda iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari ortmoqda. Bunga ekspertlar ikkita sababni ko‘rsatmoqda. Birinchisi texnik taraqqiyotga sarf xarajatlari va ikkinchisi, iqlimning global tebranishi natijalari.
Jahon meteorologiya tashkilotining ma’lumot berishicha, ob-havo bilan bog‘liq tabiiy ofatlar soni so‘nggi 50 yilda besh barobarga ortgan. Oxirgi o‘n yillikda sayyoramizda o‘rtacha yillik harorat sezilarli ravishda oshgan, natijada ob-havo bilan bog‘liq tabiiy ofatlar sonining ham ortishiga sabab bo‘lgan.
O‘tgan 50 yilda (1970 dan 2019 yilgacha) 11 mingdan ziyod tabiiy inqirozlar yuz bergan. Ularning oqibatida ikki milliondan ziyod kishi qurbon bo‘lgan, iqtisodiy zarar esa 3,64 trillion dollarga baholanmoqda.
BAAda qo‘llanilgan osmonni bulut bilan qoplash usuli bir necha o‘n yildan buyon foydalanilmoqda. Bulutlarga ma’lum bir narsa yoki kimyoviy moddalar, masalan kumush iodidi qo‘shilsa yomg‘ir yoki qor chaqirishi mumkin.
1891 yilda muhandis-ixtirochi Luis Gatman yomg‘ir chaqirish uchun yomg‘irli bulutga suyuq karbonat angidrid gazini yo‘naltirishni taklif etdi. 1930 yillarda Vegener-Berjeron-Findeyzen jarayoni ochildi, bu muz kristallarining o‘sish jarayoni bo‘lib, so‘ngra yog‘ingarchilik yog‘ishiga olib kelishi kerak. General Electric kompaniyasi kimyogarlari Vinsent Shefer va Irving Lengmyur samolyotlarning muzlashini tadqiq qilish mobaynida ushbu nazariyani tasdiqlashdi.
So‘nggi yillarda BAA yomg‘ir chaqirish uchun to‘qqizta loyihaga 15 million dollar sarfladi. Ularning sakkiztasida an’anaviy bulut qoplash usullari qo‘llanildi.
Endi esa mamlakat mazkur masalaga boshqacha yondasha boshlamoqda an’anaviy bulut qoplashda ishlatiladigandek qattiq zarralarni sochib yuborish o‘rniga, amirlik meteorologiya markazi havoni “bug‘ush” uchun dronlarni ishlatmoqda. Ular ma’lum bir bulutga yo‘naltirilgan bo‘lib lazerlar yordamida elektr razryadlardan foydalanadi. Maqsad havodagi suv tomchilarini majburan birlashtirish va shu yo‘l bilan zarur bo‘lgan yomg‘irni chaqirish.
Ob-havoni “Atlant” tizimidagi modifikatsiyalashda elektr usuli ham ommalashgan hisoblanadi. Ushbu usul hozir Yaponiya, Meksika, Shveysariya, Avstraliya, Armaniston, BAA va Isroil kabi mamlakatlarda sinovdan o‘tkazilmoqda. Hozircha ushbu usuldan Avstraliya muvaffaqiyatli ravishda foydalanmoqda. Australian Rain Corporation kompaniyasi “Atlant” yordamida Umon davlatining eng ko‘p qurg‘oqchilik hukm surgan tumanlarida yog‘ingarchiliklar miqdorini 18 foizgacha oshira olgan.
2007 yilda Avstraliyaning Kvinslend shtati hududida qurg‘oqchilik bartaraf qilindi. Xolbuki, o‘sha vaqtda bunday tabiiy ofat yashil qit’aning hamma joyini egallab olgandi. Hatto, mamlakatning sharqiy qismida favqulodda vaziyat e’lon qilingandi. Brizbeyn shahriga o‘rnatilgan “Atlant” tizimi tufayli Kvinslend shtatining hamma joyida yog‘ingarchiliklar kuzatildi.
Bulut qoplash texnologiyasi qanchalik darajada ommalashishi hozircha noma’lum. Chunki ushbu texnologiyaning qanchalik keng tarqalgani va qo‘llanilgani haqida hozircha aniq raqamlar keltirilmagan. Lekin hozirdanoq ma’lumki, AQSHning sakkizta g‘arbiy shtatida allaqachon bulut qoplashning an’anaviy ko‘rinishi qo‘llaniladi. Weather Modification Inc kompaniyasi yog‘ingarchiliklar sonini oshirish uchun kumush iodididan foydalanish tajribasiga egaligini ma’lum qilgan. Demak, bir joyda qo‘llanilgan ilg‘or tajriba tez orada boshqa joylarda ham qo‘llanila boshlashiga shubha qilmasa ham bo‘ladi.
Internet materiallari asosida S.Rahimov tayyorladi,
O‘zA